Asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichi shaffof o‘tdimi?
Xabar berganimizdek, Samarqand shahridagi 47-umumiy o‘rta ta’lim maktabida asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda akademik litseylar, Prezident maktabi hamda olimpiadaning tuman (shahar) bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 2261 nafar 9-, 10-, 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi. Shu bilan birga, o‘tgan o‘quv yilida olimpiadaning viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallagan 28 nafar o‘quvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashdi.
25-30 noyabr kunlari olimpiadaning birinchi guruh fanlari, ya’ni matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatikadan asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, 2-4 dekabr kunlari ikkinchi guruh fanlari, ya’ni ona tili, rus, tojik, ingliz, nemis, fransuz tillari, tarix, davlat va huquq asoslari, geografiya fanlaridan o‘tkazildi.
- Asosiy fan olimpiadasi o‘tgan yillardagidan farq qiladi, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ta’lim sifatini monitoring tashkil etish bo‘limi metodisti Elmira Xolyorova. - Jumladan, olimpiada o‘tkaziladigan joylarda kuzatuv kameralari o‘rnatilgan va guruhlarda nazoratchilar ham bor. O‘quvchilarning ishlarini muhokama qilish uchun telegram kanallar tashkil qilingan, shuningdek, jarayonni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatish mumkin. Har bir o‘quvchining nazorat materiallariga bergan javoblari hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. O‘quvchi imtihonni topshirib bo‘lgach, uning ishi auditoriya mudiri tomonidan muhokama guruhiga yuborildi.
Olimpiada natijasiga ko‘ra, 9-10-11-sinflar bo‘yicha 15 ta fandan 135 nafar o‘quvchi asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichida g‘olib bo‘ldi.