“Avitsenna vorislari”: Xalqaro olimpiadada samarqandliklar g‘oliblar safida

Buxoro shahrida mamlakatimizda ilk bor “Avitsenna vorislari” nomli xalqaro talabalar jarrohlik olimpiadasi o‘tkazildi.
Besh kun davom etgan sinov jarayonlarida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iston davlatidan kelgan jami 16 ta jamoa ishtirok etdi.
Olimpiada avvalida mamlakatimizning hamda qo‘shni davlatlarning nufuzli tibbiyot dargohlari professor-o‘qituvchilari, tajribali jarrohlari ishtirokida xalqaro forum ham o‘tkazildi, jarrohlikning yangi, zamonaviy yo‘nalishlari masalalari muhokama etildi.
- Shu paytga qadar mamlakatimizda tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar orasida ularning nazariy biliminigina baholaydigan olimpiadalar o‘tkazilardi, - deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti xirurgik kasalliklar kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori Sanjar Ro‘ziboyev. – Vaholanki, bugun xalqaro tajribalardan ma’lumki, bo‘lg‘usi shifokorlar talabalik davridanoq bu yo‘nalishda ma’lum bilimga va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, ta’lim dargohini tugatganda shifokor sifatida ish boshlashi lozim. Shu nuqtai nazardan talabalar uchun o‘tkazilayotgan ushbu olimpiada faqat sinov emas, chin ma’noda mahorat maktabi bo‘ldi. Universitetimizning 5-6 bosqichlarida tahsil olayotgan 22 nafar talaba olimpiadada jarrohlik, reanimatsiya, anesteziologiya yo‘nalishlarida o‘z bilim va malakalarini namoyish etdi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari reanimatsiya, anesteziologiya bo‘yicha tanlovning barcha yo‘nalishlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, jarrohlik yo‘nalishida jigar, buyrak transplantatsiyasi, laporoskopik xirurgiya, jigar va o‘t yo‘llari xirurgiyasi bo‘yicha berilgan topshiriqlarni ham a’lo darajada uddaladilar. Tanlov yakuniga ko‘ra samarqandlik talabalar tanlovning 9 ta yo‘nalishida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.