Avtohalokatga uchragan odam sug‘urta puli olish uchun nima qilishi kerak?
Bizda aksariyat hollarda sug‘urta xizmatlariga ishonch past. Bunga sabab nima? Yurtimizda, shu jumladan viloyatimizda aksariyat odamlar avtomashinani sug‘urta qildirishning hech qanday foydasi yo‘q, deb o‘ylaydi. Xo‘sh, bunga “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi viloyat filiali rahbari Anvar Boliyevning javobi qanday?
Rivojlangan davlatlarda jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulki va boshqa vositalarini ehtimoliy xavflardan sug‘urta qildirib qo‘yadi. Bu orqali kutilmaganda yuz bergan ko‘ngilsizlik tufayli yetgan zarar o‘rnini qoplashga odatlangan.
Bizda esa aksariyat hollarda sug‘urta xizmatlariga ishonch past. Bunga sabab nima? Yurtimizda, shu jumladan viloyatimizda aksariyat odamlar avtomashinani sug‘urta qildirishning hech qanday foydasi yo‘q, deb o‘ylaydi. Xo‘sh, bunga “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi viloyat filiali rahbari Anvar Boliyevning javobi qanday?
- Nazarimda, bu avvalo odamlarimizning huquqiy savodxonligi bilan bog‘liq. Negaki, “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun 2008 yilda qabul qilingan. Biroq oradan 13 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay ko‘pchilik avtomashinani sug‘urta qildirish falokatlar tufayli ko‘rilgan zararni qoplashda hech foydasi yo‘q, deb o‘ylaydi.
Bunda, avvalo, transport vositasini qanday holatlardan sug‘urta qilganligini bilib olish talab etiladi.
Qonunda asosan jabrlangan fuqaroning manfaati ko‘zlangan bo‘lib, olib borilgan 40 million so‘m miqdoridagi javobgarlikning 35 foizi (ya’ni, 14 million so‘m) gacha jabrlanuvchining mol-mulkiga, 65 foizi (ya’ni, 26 000 000 so‘m) hayoti va sog‘lig‘iga har qanday holatda to‘lanishi nazarda tutilgan. Sug‘urta uchun atigi 40 ming so‘m mablag‘ to‘lanadi.
- Deylik, haydovchi kutilmaganda avtomashinasini boshqa bir transport vositasiga urib oldi. Bunday holatda yetkazilgan zararni qoplashda sug‘urta kompaniyasidan umid qilsa bo‘ladimi?
- Albatta. Buning uchun fuqaro avvalo sug‘urta polisi nusxasini taqdim qiladi. Shuningdek, mol-mulkka zarar yetkazilganligi faktini va zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar (tijorat dalolatnomalari, yuk xatlari, asosiy vositalar daftaridan ko‘chirmalar, to‘lov hujjatlari, xizmatlar ko‘rsatish va ishlar bajarish uchun tuzilgan shartnomalar, mol-mulkni mustaqil baholash dalolatnomalari va boshqa shu kabilar)ni ilova qiladi.
Bundan tashqari, jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat ham taqdim qilinadi.
Agar sug‘urta tovoni jabrlanuvchining merosxo‘rlariga yoxud huquqiy vorislariga to‘lanishi kerak bo‘lsa meros huquqini yoki huquqiy vorislik, shuningdek merosxo‘rlarning shaxsini yoki huquqiy vorislarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinadi.
- Sug‘urta kompaniyasiga uning mijozi bilan bog‘liq transport hodisasidan jabrlanuvchi yetkazilgan zararni qoplash haqida davo kiritishi ham mumkinmi?
- Bunday holatlar ham uchrab turadi. Jabrlanuvchi yoki uning ishonchli vakili yoxud uning huquqiy vorislari tomonidan sug‘urta to‘lovi to‘g‘risidagi talab ko‘rsatilgan ariza bilan murojaat qilinadi.
- Gaplaringizdan avtomashinani sug‘urta qildirish, umuman, sug‘urta xizmati baxtsiz hodisalarda sug‘urta qilingan shaxsga zararni qoplashda yaqin ko‘makchidek tuyulayapti. Yuqoridagi ma’lumotlaringiz bo‘yicha aniq raqam va misollar aytib berolasizmi?
- Bunda ko‘plab faktlarni keltirib o‘tishim mumkin. Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahri, Istiqlol ko‘chasida yashovchi M.Abdurahmonova 2019 yil 17 martda o‘zi yashab turgan manzildagi bo‘limimizda “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish” bo‘yicha sug‘urtalangan. U 2020 yil 6 avgustda “Z.SH” MChJga tegishli “Kobalt” rusumli transport vositasini boshqarib Kattaqo‘rg‘on shahrida sodir etgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida boshqa bir fuqaro boshqaruvida bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashinaga zarar yetkazgan.
Yetkazilgan zarar uchun 14 million so‘m sug‘urta tovoni to‘landi.
Yana bir misol fuqaroning o‘limiga sabab bo‘lgan avtohalokat bilan bog‘liq. Bunda “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish” bo‘yicha Paxtachi tuman bo‘linmasida sug‘urtalangan fuqaro transport vositasi bilan sodir etgan yo‘l transport xodisasi natijasida Po‘latchi qishlog‘ida yashovchi shaxsning vafot etishiga sabab bo‘lgan.
Hodisa yuzasidan taqdim etilgan hujjatlarga asosan vafot etgan fuqaroning huquqiy vorisiga 26 million so‘m sug‘urta tovoni to‘lab berilgan.
Yoqubjon Marqayev.