Avtomaktablarga ham soliq imtiyozlari tegishlimi?
- Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini rivojlantirish maqsadida bir qator imtiyozlarning amal qilish muddati uzaytirildi. Bu haqda matbuotda e’lon qilindi. Avtomaktablarga ham bu imtiyozlar tegishlimi?
Saidumar Samarov,
Urgut tumani.
- Prezidentimizning 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 13-bandida Prezidentimizning 2017 yil 15 sentyabrdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan imtiyozlarning amal qilish muddati 2025 yil 1 yanvarga qadar uzaytirilgan.
2017 yil 15 sentyabrdagi qarorning 8-bandida maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar 2021 yil 1 yanvargacha barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) ozod etilishi belgilangan. Bunda ozod qilinayotgan mablag‘lar ularni zamonaviy o‘quv vositalari bilan jihozlash, zarur mahsulotlar va jihozlar sotib olish, bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga maqsadli yo‘naltirilishi lozim.
Shuningdek, avtomaktablar maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar toifasiga kirishi yoki kirmasligini aniqlash soliq xizmati organlari vakolatlari doirasiga kiritilmagan. Ushbu masalaga doir vakolatga ega bo‘lgan idoralarga murojaat qilish kerak.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, savolda qayd etilgan holat yuzasidan Davlat stastistika qo‘mitasi yoki uning tizimidagi idoralarga murojaat qilish lozim. Vakolatli organ tomonidan avtomaktablar maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar toifasiga kirishi yuzasidan ijobiy xulosa olingan taqdirda belgilangan muddatgacha yuqorida qayd etilgan soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqi vujudga keladi.
Shuningdek, soliq imtiyozlarini maqsadli ishlatilishi yuzasidan soliq idoralariga muntazam ravishda hisobot taqdim etib borilishi soliq to‘lovchi majburiyatlariga kiritilgan.
Savolga viloyat davlat soliq
boshqarmasi xodimi Valisher Temirov javob berdi.