Avtomobil «temir qotil»mi?

“Avtomobil bisot emas - harakatlanish vositasi” deyilgan edi bir  mashhur asarda. 1931 yilda rus yozuvchilari Ilf va Petrov tomonidan ilk avtomobil namunalari ko‘chalarda paydo bo‘lgandayoq piyodalarning keyingi taqdiri ehtimoliy xavotirga olingan edi. Oradan salkam bir asr o‘tib, bu xavotir chinakam xavfga, vosita esa «temir qotil»ga aylandi.

Shu yil 26 yanvar kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ana shu hayot-mamot masalasiga, kundan kunga qurbonlari soni oshib borayotgan yo‘ldagi avariyalar mavzusiga alohida e’tibor qaratildi.

«Bir muhim masalaga barchaning e’tiborini qaratmoqchiman. Umuman, haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Shuning uchun avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda», deya ta’kidlar ekan, davlatimiz rahbari bu muammoni bartaraf qilish uchun mutasaddilarga, avvalo, o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish «jinoyati»ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan taklif tayyorlashga topshiriq berdi.

Albatta, mutasaddilar o‘z vaqtida bu holatlar bo‘yicha tezkor choralar ko‘radi, deb umid qilamiz. Muammoli bo‘lgan mazkur masalalarda shu qadar chalkashliklar borki, unga yechim topish oson bo‘lmasa kerak. Misol uchun, hozir nima ko‘p - «prava» beradigan avtomaktablar ko‘p. Endi tasavvur qiling, o‘quvchini ming chorlov bilan jalb qilib, pulini olayotgan avtomaktab qanday qilib uni «vojdeniye»ga majburlay oladi. Agar qat’iy talablar qo‘yilsa, boshqa keluvchi o‘quvchilardan ayriladi. Kamiga har bir o‘quvchi bu yerga o‘zi shart qo‘yib kelsa. Shu o‘rinda avtomaktablarning nufuzi ham o‘sha mijozlar qo‘yadigan «shart» asosida, ya’ni haydovchilik guvohnomasini tezroq berish, darsga kam chaqirish (yoki umuman qatnashmaslik), narx arzonligi borasidagi tafovutlar asosida tabaqalanadi.

Qolaversa, har bir maktab imtihon oluvchilar bilan «osh-qatiq» bo‘lib ketgan. Yana bir qiziq jihati, ularning joylarda o‘ziga xos agentlari ham bo‘lib, umumta’lim maktablaridan tortib, ustaxonalar, mashina bozorlari-yu boshqa turli joylarda targ‘ibot bilan shug‘ullanadi. «Prava» beruvchilar bo‘lg‘usi «shumaxer»ga hujjatni boshqalardan tezroq berish, ortiqcha qiynamaslik va boshqa qulayliklari bilan reklama qilinadi. Bu soha shu asnoda ishlaydigan bir mexanizmga aylanib ulgurgan. Shu maktablarning bitiruvchisi bo‘lgan ba’zi tanishlarim borki, «D» kategoriyali guvohnomasi bo‘la turib, mashinaning kalitini burashniyam bilmaydi. Endi shu kabi maktablar bitiruvchilarining ayrimlari avtomobilini «bisot» biladigan va avaylab boshqaradiganlar bo‘lsa, ko‘pchiligi tavvakalchilar.

Taassufki, bugun magistral yo‘llarda o‘shalar hukmron. Qoidaga rioya qilib, belgilangan tezlikda harakatlanib ko‘ring-chi, yondan siqib, quvib o‘tadi, kamiga so‘kib ham ketadi. To‘rt «polosa»li yo‘l chetida piyodalar xarakatlanyaptimi, biror mashina to‘xtab turibdimi yoki ko‘prik ustida harakatlanyapsizmi, farqi yo‘q, ular faralarini yoqib-o‘chirib, “yo‘l ber” deb tahdid qilgani-qilgan. Hozir ko‘plab avariyalar aynan o‘sha noto‘g‘ri quvib o‘tish (masalan, qiyalikka chiqishda), oraliq masofa saqlamaslik va yuqori tezlik oqibatida yuz bermoqda.

Rivojlangan mamlakatlarda haydovchi kim bo‘lishidan qat’i nazar tasma taqib, keyin harakatlanadi. Mashina boshqarishda qoidalarga e’tibor beradi. Bizda esa shu tasmani taqqan yoki qoidaga rioya qilgan - “lallaygan”, oldidagini quvib o‘tib tez haydagan, svetofordan o‘tib ketishga ulgurgan — “uddaburon”, degan teskari tushuncha bor. Harqalay haydovchilarning aksariyatida shu dunyoqarash.

Shu o‘rinda haydovchilarda, ayniqsa, kirakashlarda bir odat borki, mashina harakatlandi deguncha telefonni qo‘lga oladi, nomer terishga e’tiborini berib, ba’zan beton to‘siqqa qarab ketib qoladi. Ular uchun oddiy bu ermak yo‘lovchining yuragini “taka-puka” qilishi aniq. Yana bir ruldan chalg‘ituvchi yomon ermak — «semichka» chaqish bo‘lib, ko‘pchilik uzoq masofaga qatnovchi haydovchilarda bu urfga kirgan. Bir safar olis manzilga ketayotganimizda kirakash haydovchi yo‘l-yo‘lakay nos kapalayman deb, katta tezlikda ketayotgan mashinani chayqatib yubordi. Bundan yo‘lovchi xorijlik ikki sayyoh chunonam qo‘rqib ketib, vahima bilan baqirib yubordi. Kamiga haydovchi jaziramada ularni metan shoxobchasida tushirib, qancha kuttirdi ham.

Bizda haydovchilar o‘ta ta’sirchan. Rulga o‘tirdimi, musiqani yoqib, o‘shaning ta’siriga tushadi, mashina boshqaruvi ham shunga moslashadi, yo‘ldagi chuqurlarni «terish» ilinjida qarama-qarshi yo‘nalishda ham harakatlanaveradi. Qarshisida mashina ko‘rinsa, chetga qochishga shoshilmaydi. Afsuski, biror hodisa yuz bersa, avvalo, jabrdiyda yo‘lovchi bo‘ladi. Aksariyat holatlarda haydovchi avariya vaqtida himoyalanadi. Yo‘l-transport hodisalari statistikasi ham buni tasdiqlaydi. Yo‘ldagi ba’zi haydovchilarga xos oliftagarchilik, hovliqish, kibr ortidan keluvchi falokat jabrini yo‘lovchi tortadi. Biror hodisa yuz bermagan taqdirda ham yuqori tezlik, ba’zi holatlar oqibatidagi qo‘rquvlar yomon kasalliklarga olib kelmaydi, deysizmi?

Trassada taksilar doim yuqori tezlikda harakatlanadi, ishonavering, shuncha mablag‘ sarflab o‘rnatilgan radarlarning ularga deyarli ta’siri yo‘q. Qaysi kirakash borki, qayerda radar bor, ko‘chmalari qayerda o‘rnatilgan, hammasidan xabardor. Ularda o‘zaro tizimli aloqa mavjud.

Xo‘sh, nima qilish kerak?

Birinchidan, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish holatlariga qarshi jazoni kuchaytirish kerak.

Ikkinchidan, avtomaktablar litsenziyasini ularning bitiruvchilari buzadigan qoidalar asosida monitoring qilib borish va shu asosda ularning keyingi taqdirini belgilash lozim.

Uchinchidan, OAVda, avtomaktablarda, taksi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan firmalarda, o‘quv yurtlarida, masjiddagi ma’ruzalarda ham imkon qadar o‘sha «shumaxer»larning psixologiyasini ijobiy tarafga o‘zgartiradigan targ‘ibot olib borish va ular ongida «namunali haydovchi» fenomenini yaratish shart.

To‘rtinchidan, haydovchilarni qisman qanoatlantiradigan tezlik me’yorini joriy etish va individual harakatdagi radarlarni ko‘paytirish, yo‘llarni talabga javob beradigan tarzda ravon qilib ta’mirlash albatta, yo‘l-transport hodisalarining oldini oladi.

Shuhrat Normurodov.