Avval o‘zbek tilini biling, so‘ngra xorij tillarini o‘rganing!
Tilimizda bir necha yuz ming so‘z bor. Inson yuz yil umr ko‘rsa ham tilimizning boy imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmaydi.
Chunki o‘zbek tili morfologiyasi bo‘yicha bir fikrni yuz xil uslubda bayon etish mumkin.
Minglab ifodalash usullarining har birida o‘ziga xos bo‘lgan nazokat va go‘zallik bor. Nutq sohibi ana shu nafosatni bilishi va undan mohirlik bilan foydalanishi zarur. Bu ko‘nikma esa ko‘p o‘qish va lug‘atlardan foydalanishni talab qiladi.
Hozirgi kunda yoshlarimizning jahon tillarini o‘rganishiga qiziqishi ortib bormoqda. Buning uchun deyarli barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Tilni yuqori darajada o‘zlashtirish uchun oliygohlar sonining ko‘payayotgani, yoshlarning intilishi albatta, yaxshi natija. Quvonarlisi, bugun chet eldan kelayotgan turli til vakillari uchun ham gidlar soni ko‘paymoqda. Hatto, sayyohlar tomonidan ham tarjimonlarning til bilishi, muomalasi, xizmati yuqori baholanyapti.
O‘zim Samarqand shahri markazida ekskursovodlik qilaman. Faoliyatim davomida o‘zbek tilining boy imkoniyatlariga murojaat qilaman. Shunga ko‘ra ingliz va boshqa tillarda gaplashib, sayyohlarga kerakli ma’lumotlarni yetkazaman. Demoqchimanki, avvalo, o‘z tilini, so‘ngra boshqa tillarni bilgan kishiga ko‘plab imkoniyatlar eshigi ochiladi. Bundan faqat unumli foylanilsa kifoya.
Dilnoza G‘aniyeva,
Registon ansambli gid ekskursovodi.