Axborot xizmatlari faoliyati qoniqarlimi?
Sohada qanday yutuq va kamchiliklar bor?Jurnalistlar nimadan norozi?
Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu va boshqa savollarga javob berildi.
Respublikamiz davlat idoralarida axborot xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga besh yil bo‘ldi. Ayni kunda birgina viloyatimizdagi 16 ta shahar va tuman hokimliklarida, shuningdek, 65 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida shunday xizmat mavjud. Ular tomonidan 2023 yilning o‘zida jami 2700 ta matbuot tadbiri o‘tkazilib, jamoatchilikka faoliyati bo‘yicha axborot berilgan.
— Viloyatimiz axborot xizmatlari respublikada ilg‘or sanalsa ham soha muammolardan xoli emas, - deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev. – Xususan, o‘tgan yili idoramiz tomonidan 60 marta o‘rganish ishlari olib borildi. Axborot xizmatlari faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatildi. Xizmat rahbarlari hamda xodimlarining malakasini oshirish maqsadida tizimli o‘quv-seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.
Tadbirda jurnalistlar ayrim tashkilotlardan axborot olish qiyinlashgani yuzasidan izoh so‘radi. Ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda viloyatdagi 20 dan ortiq tashkilot va korxonalarda axborot xizmati vazifasi boshqa xodimga yuklatilgan. Ya’ni, ularda axborot xizmati rahbari shtati yo‘q. Bu esa mazkur tashkilotlar faoliyati ochiqligini ta’minlashda muammo keltirib chiqarmoqda.
Tadbirda matbuot tadbirlarining samaradorligini oshirish, tahliliy va tanqidiy materiallarga munosabat berilishini ta’minlash, jurnalist va axborot xizmatlari o‘rtasida ma’lumot almashish tezkorligini oshirish masalalari ham muhokama qilinib, takliflar berildi.