Axborotning zararlisi bor
Bolalarni sog‘lig‘i va tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborotlardan himoya qilishda rivojlangan davlatlar nosog‘lom axborot oqimining oldini olish, bartaraf etish va unga qarshi kurashishning qonuniy asoslarini yaratgan. Bunga xalqaro amaliyotdagi "Kiber jinoyatlar to‘g‘risida"gi konvensiya, "Voyaga yetmaganlar uchun xavfsiz internet va onlayn resurslarni joriy qilish to‘g‘risida"gi qonun misol bo‘ladi. Qolaversa, Yevropa Ittifoqining tavsiyalari, Germaniyaning "Yoshlarni himoyalash to‘g‘risida"gi, Litvaning "Voyaga yetmaganlarni ommaviy axborotning salbiy ta’siridan himoyalash to‘g‘risida"gi va Rossiyaning "Bolalarni sog‘lig‘i va rivojlanishiga ziyon yetkazuvchi axborotdan himoyalash to‘g‘risida"gi qonunlarini ham eslash mumkin.
2017 yil 8 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonuni ham bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilishga qaratilgan. Buning uchun esa voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari, davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari hamda sog‘liqni saqlash muassasalarining vakolatlari aniq belgilangan.
Shu bilan bir qatorda, qonunda axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi belgilab berilgan. Qonun bilan bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishga doir qonunchilikka rioya etilishi ustidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolarning jamoat nazoratini olib borish huquqi mustahkamlab berildi.
Samar UMAROV,
"ASIA ALLIANCE BANK" ATB
viloyat filiali bosh
mutaxassisi.