Ayni paytda Samarqand shahrida beshta binoda test sinovlari boshlandi (foto)
Birinchi smenada boshlangan test sinovlarida abituriyentlar ona tili, matematika va fizika fanlari yo‘nalishida imtihon topshirmoqda.
Bu yerda abituriyentlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Test sinovlari o‘tkaziladigan binolarga borish yo‘nalishlarida yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatilgan. Har bir hududda test sinovlari jarayoni uchun zarur axborot, texnik, tibbiy va maishiy sharoitlar yaratilgan. Xususan, abituriyentlarning hudud tashqarisidagi va ichkarisidagi to‘planish joylarida soya salqin joylar, maxsus soyabonlar tashkil etilgan.
Abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari uchun Siyob tibbiyot kolleji va SamMI klinikasi hovlisida salqin joylar, o‘rindiqlar, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan ruxsat etilgan salqin ichimliklar va sifatli yengil oziq-ovqat mahsulotlari savdosi tashkil etilgan. Bu hududlarda ular katta hajmdagi monitorlar orqali test jarayonlarni onlayn kuzatib borish imkoniyatiga ega.
Yana shuni ham aytish mumkinki, birinchi smenada qatnashishi kerak bo‘lgan 3060 nafar abituriyentlardan 224 nafari imtihonga yetib kelolmadi.