Endi talaba davlat imtihonidan yiqilsa, bir yilda ikki marta imtihon topshirishi mumkin

Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, vazirlik tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi Nizom"ga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi buyrug‘i davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, yakuniy davlat attestatsiya sinovidan o‘ta olmagan talaba keyingi har bir o‘quv yilida (3 yil davomida) o‘z arizasiga muvofiq, 2 martagacha imtihonni qayta topshirish huquqiga ega.

Oldingi tartib bo‘yicha bitiruvchi yakuniy davlat attestatsiyasi sinovidan o‘ta olmagan taqdirda keyingi yillarda qayta topshirish huquqiga ega edi. Ushbu holat talaba uchun birmuncha qiyinchiliklar, xususan, uning bir yillik qimmatli vaqtini maqsadli sarflay olmasligiga sabab bo‘lib kelgan.

Endilikda talabalar tomonidan qayta topshirish to‘g‘risidagi arizalar yig‘ilishiga qarab bir o‘quv yilda ikki martagacha davlat imtihonlarini qayta topshirish imkoniyati yaratildi.