Samarqandda iyun oyi uchun chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlari o‘tkazildi
Samarqand shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish” bo‘yicha iyun oyida bo‘lib o‘tadigan baholash imtihonining dastlabki bosqichi (tinglab tushunish, o‘qish, leksik va grammatik kompetensiyalar, yozma ish) bo‘lib o‘tdi.
Test sinovlari sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda IIB, Milliy gvardiya, SEOM xodimlari ishtirokida tashkil qilindi.
Bugun, 23 iyun va 24, 25 iyun kunlari imtihonning ikkinchi bosqichi, ya’ni gapirish ko‘nikmasini baholash imtihoni o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi “Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi to‘g‘risida Nizomni tasdiqlash haqida”gi 352-son qaroriga muvofiq, mazkur imtihonlarning har ikkala bosqichi natijalari bo‘yicha belgilangan maksimal ballning 60 foizi va undan yuqori ball to‘plagan talabgorlarga namunadagi sertifikat taqdim etiladi. Sertifikat egalariga kirish test sinovlarida chet tili fanidan maksimal ball beriladi.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi axborot xizmati.