DTM: Akademik litsey bitiruvchilaridan chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlari olinyapti

2021 yil 25 mart kuni Samarqand iqtisodiyot va servis instituti akademik litseyi binosida viloyatdagi akademik litsey bitiruvchi bosqich o‘quvchilarining chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlari boshlandi.

Test sinovlarining yozma (tinglab tushunish, o‘qish, leksik va grammatik kompetensiyalar, yozma ish) qismi 25, 26, 27 mart kunlari ikki navbatda o‘tkaziladi.

Imtihonlar 1-navbatda soat 09:00 da, 2-navbatda soat 14:00 da boshlanadi. Bugun 1-navbatda 165 nafar talabgorlarning 19 nafari, 2-navbatda 165 nafar talabgordan 44 nafari imtihonga qatnashmadi.

Gapirish ko‘nikmasini baholash imtihonlari esa aprel oyida o‘tkaziladi.

Viloyatimizdagi akademik litseylar bitiruvchi bosqich o‘quvchilarining chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bepul tarzda tashkil etilmoqda.

Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi.