Aqliy qobiliyat oshadi, miya faoliyati kengayadi, xotira yaxshilanadi: Mutaxassislar til o‘rganish foydalari xususida
Chet tilini o‘rganish odamlar aqliy qobiliyatini o‘stiradi. Til o‘rganish jarayoni tom ma’noda yangi neyron aloqalarni o‘rnatadi va mavjudlarini mustahkamlaydi. Angliyalik olimlarning tadqiqoti buni tasdiqladi. Ular bir necha tilni biladigan odamlarda fikrlash yaxshilanib, moslashuvchanlik va aqliy faollikning oshishini kuzatishgan.
Shuningdek, boshqa davlatlar olimlari ham chet tilini o‘rganish miya faoliyatini kengaytirib, xotira, diqqat va fikrlash jarayonlarini yaxshilashini asoslab bergan.
Nutqida kamchiligi bor yosh bolalarni chet tili mashg‘ulotlariga berishdan avval logoped bilan ishlash, talaffuzidagi nuqsonlarni bartaraf etish tavsiya qilinadi.
Til o‘rganish orqali alsgeymer kasalligiga qarshi kurashda samarali natijaga erishish mumkinligi aytiladi. Olimlar 2010 yilda ushbu kasallikdan aziyat chekayotgan 200 nafar bemorda tadqiqot o‘tkazgan. Ishtirokchilarda kasallik belgilari boshqa bemorlarga nisbatan besh yilga kechikkan. Tadqiqot natijalari NCBI saytida e’lon qilingan.
Mutaxasislar chet tilida oddiy matnni tushunish uchun 1000-2000 ta so‘zdan iborat lug‘at kifoya, deb ta’kidlaydi. Muloqot qilish, xorijlik suhbatdoshni oddiy hayotiy masalalarda tushunish va unga o‘zini tushuntirish uchun esa o‘rtacha 3000 ta so‘z kerak bo‘lar ekan. Har kuni 30 daqiqa vaqt ajratish va kuniga 30 ta yangi so‘z o‘rganish bilan bir necha oy ichida bu borada yaxshi natijalarga erishish mumkin.
Va eng muhim jihatlardan biri: Til o‘rganish aqliy qobiliyat bilan birga daromadni ham oshiradi. Til o‘rganishning iqtisodiy foydalari haqida unutmang. Chet tilini biladigan xodimlarga faqat ona tilida gapiradiganlarga qaraganda tezroq ish topiladi.
Darvoqe, endilikda yurtimizda ingliz tilini yaxshi bilgan xodimlar oyligiga ustama berilishi haqda eshitgandirsiz.