Nega viloyatimizda faoliyat olib borayotgan chet tillari o‘qituvchilari davlat tomonidan berilgan ustamalarni olishga shoshilmayapti?

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov “Viloyat hokimi va ta’lim tizimi rahbarlari” telegram guruhida shunday savol qo‘yib, o‘z fikrlarini yozdi:
“Qo‘shimcha moddiy manfaatdorlik kerak emasmi yoxud biz rahbarlar ularga shart-sharoit yaratib bermayapmizmi? Yoxud talab qo‘yishni ham bilmaymizmi?

Ming afsuski, viloyatdagi 4559 nafar ingliz tili o‘qituvchilaridan atigi 266 nafari 15-30 foizgacha ustama olyapti.

Bu Samarqand uchun sharmandali holat emasmi?

Shuning o‘zi bizda chet tillarini o‘qitishning haqiqiy ahvoli qandayligini ko‘rsatmaydimi?
Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Narpay, Nurobod, Oqdaryo, Past Darg‘om, Payariq va Urgut tumanlarida biror bir ingliz tili o‘qituvchisi inliz tilini bilish Yevropa ittifoqi talablari, ya’ni S1-CEFR darajasi yoxud IELTS xalqaro sertifikatiga ega emas. Shu kabi holatni nemis tili va fransuz tili o‘qituvchilari misolida ham ko‘rish mumkin.

Endi haqli savol tug‘iladi: viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va tuman xalq ta’limi bo‘limidagi xorijiy tillarni o‘qitish metodikasiga mas’ul bo‘lgan uslubchilar, malaka oshirish markazining chet tillari kafedrasi professor-o‘qituvchilari va assistent-o‘qituvchilari egallab turgan lavozimiga loyiqmi?

Qachon bu masala muhokama qilinib, aniq rejalar belgilanadi? Qachon maktab, markaz va OTMlar o‘rtasida uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi?

Uslubchilarni joy-joyiga qo‘yish vaqti keldi. Lozim bo‘lsa, 100 nafar uslubchiga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan oyiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ish haqi berishga tayyormiz”.