Ayolga e’tibor – jamiyatning madaniy darajasini belgilaydi

Yurtimizda ayollarga alohida berilayotgan e’tiborni shunda ko‘rish mumkinki, 1999 yil “Ayollar yili”, 2000 yil “Sog‘lom avlod” yili, 2001 yil “Onalar va bolalar” yili, 2005 yil “Sihat-salomatlik yili”, 2012 yil “Mustahkam oila yili”, 2013 yil “Obod turmush yili” va nihoyat amaldagi 2016 yil “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilinishida va shu munosabat bilan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, tadbirlar zamirida ham ayolga hurmat, ehtirom, jismoniy kamoloti xususida fikrlash, qayg‘urish hissi borligi yaqqol namoyon bo‘ladi.

2020 yil 29 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida mamlakatimizda “davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini mustahkamlash islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishi” ekanini ta’kidlab, ayollarning davlat boshqaruvidagi o‘rnining so‘nggi yillardagi ijobiy o‘sish natijalarini tahlil qildi. Prezident o‘z nutqida davlatimiz oldida turgan “endigi vazifa ayollarning jamiyatdagi nufuzini oshirishdan iborat” ekanligini bildirdi hamda ayollarga yanada keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadam sifatida ayollar muammolarini yaxshi biladigan, tashabbuskor ayollardan iborat Respublika xotin-qizlar jamoat kengashini tashkil etishni taklif qildi.

Yurtimizda tadbirkor va fermer xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash borasida qo‘shimcha kafolatlar berildi. Chunki, mamlakatimizda mavjud bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining 20 foizdan ortig‘iga xotin-qizlar rahbarlik qilmoqda.

Bugungi kunda turli darajadagi davlat va jamoat tashkilotlari tizimida shu jumladan, vazirlik va idoralarda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida 1500 nafardan ortiq xotin-qiz rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizdan iborat kadrlar zahirasi shakllantirildi. Hozirgi kunda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayinlash bo‘yicha tizimli o‘quvlar tashkil etilmoqda. Bugungi kunga qadar 577 nafar ayol “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Senatda esa bu ko‘rsatkich qariyb 25 foizga yetdi. Mahalliy Kengashlar deputatlarining 31 foizi ham jonkuyar, faol ayollardir. Ana shunday natijalar tufayli O‘zbekiston parlamenti ayol deputatlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-pog‘onaga ko‘tarildi.

Demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish ko‘p jihatdan gender tenglikni ta’minlashga bog‘liq. Prezidentimiz ham “Bu hayotda nimaga, qanday yutuq va natijalarga erishgan bo‘lsak, ularning barchasi munis va mehribon onalarimiz tufaylidir. Shuning uchun biz xotin-qizlarimiz oldida doimo qarzdorlik hissi bilan yashaymiz. Ularga har qancha mehr va e’tibor ko‘rsatsak, arziydi” deb ta’kidladilar. Chunki ayol oilaning ustuni, jamiyatga esa barkamol avlodni yetkazib beruvchi muhtaram zotdir. Ayol qanchalik aqlli, bilimli bo‘lsa, u tarbiyalagan farzandlar ham har tomonlama barkamol bo‘lib o‘sadi.

Dildora SULAYMANOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Davlat boshqaruvi
akademiyasi o‘qituvchisi.