"Ayollar daftari"dagi xotin-qizlarga ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlar taqdirlandi

Samarqand shahrida “Ayollar daftari” tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha Respublika tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda so‘z yuritgan viloyat hokimining o‘rinbosari J.O‘roqov, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi R.Bedilov, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev keyingi yillarda kasaba uyushmasining o‘rni va nufuzi oshib borayotgani, ish beruvchi tomonidan ishchi-xizmatchilarga munosib mehnat sharoiti yaratilayotgani, “Ayollar daftari”dagilar alohida e’tiborda ekanligi ta’kidladi. Barcha shahar va tumanlarda “daftar”dagi va undan chiqarilgan ayollarning holidan xabar olib uyma-uy o‘rganilgani, ularning muammolari ijobiy yechim topilayotgani aytib o‘tildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlashda namuna ko‘rsatgan bir guruh mas’ul rahbarlar taqdirlandi.
Xususan, “Eng namunali ish beruvchi ayol” , “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” kabi nominatsiyalarda birinchi o‘rinni egallaganlarga 30 million so‘mlik sertifikat va pul mukofoti topshirildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblariga 3 va 5 million so‘mdan sertifikat va pul mukofoti taqdim etildi.