Ayrim milliy tillarning taqdiri savol ostida

Bugun dunyoda mavjud tillarning 90 foizining har biridan 100 ming aholi foydalanadi. Mana shuning o‘ziyoq bu tillarning kelajagi qorong‘uligidan dalolat beradi.

Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun unda kamida bir million kishi so‘zlashishi kerak. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tadir.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Farhod Nazarov, shu haqda o‘z mulohazalarini bildirdi:

«Biz ham milliy tilni rivojlantirish uchun ayrim muhim vazifalarni amalga oshirishimiz lozim. Xususan, globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanishini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib turibdi.

Hozirgi vaqtda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Qolaversa, o‘zbek tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish, mamlakatimizda yashayotgan turli millatlarga mansub vatandoshlarimizning davlat tilini o‘rganishlari uchun tegishli sharoit yaratib berish, yurtimiz va xorijda o‘zbek tilini o‘rgatadigan o‘quv markazlarini ko‘paytirish zarur.

O‘zbek tilining mamlakatimizda davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari qonun bilan belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonun uch tamoyilga: umumiylik, majburiylik va huquqiy kafolatga asoslanadi.

Ayni paytda aholi, ayniqsa, yoshlar turli ma’lumotlarni asosan internet va ijtimoiy tarmoqlardan olyapti. Tilimizni jozibali va qiziqarli tarzda taqdim etish, buning uchun o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini, onlayn darsliklar, elektron lug‘atlarni yaratish lozim.

Rivojlangan davlatlar darajasiga erishish va raqobatdosh bo‘lish uchun O‘zbekiston fuqarolari xalqaro tillarni bilishlari muhim, albatta. Chunki biz global rivojlanish tendensiyalaridan orqada qola olmaymiz, lekin shuni unutmaslik kerakki, o‘zbek tili dunyodagi barcha rasmiy tillar qatori suveren til maqomini olgan ekan, har bir O‘zbekiston fuqarosi davlat tilini bilishi shart. Tilning egasi xalq, ammo xalqning bitta vakili loqayd bo‘lsa ham milliy til sofligiga putur yetadi».