Ayrim viloyat tashkilotlari deputat so‘roviga yozgan javobi hayron qoldiradi
- Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?
46-Po‘latchi saylov okrugi Past Darg‘om tumanidagi Qator Terak, Hindiboy, Parchaqora, Katta Naymancha, Parcha Chandir, Oqmang‘it, Mang‘itobod, Eski Juma, Kichik Naymancha, Novchandir, Quqoni, Qarovultepa, Sinchi, Qorag‘uppa, Jag‘alboyli, Beshbola mahalla fuqarolar yig‘inidan iborat. Yuqorida nomlari keltirilgan MFYlarning har birida deputat qabulxonalarini tashkil etdim. Shuningdek, telegram ijtimoiy tarmog‘ida maxsus guruh tuzib, mahalla raislari va saylovchilarim bilan onlayn aloqani yo‘lga qo‘yganman. Natijada okrug hududidagi barcha masalalardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lib, ko‘tarilgan masalalarni hal etish yuzasidan deputatlik nazoratini o‘rnatib borayapman.
Saylov okrugim hududida 2020 yilda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalarida amalga oshiriladigan bir qator investitsiya loyihalari rejalashtirilgan bo‘lib, Qo‘qoni, Jag‘alboyli, Parchaqora MFYlarida joriy yilda 6 ta loyiha amalga oshirildi. Umumiy qiymati 40,9 milliard so‘mlik 6 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi natijasida 137 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
- Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?
Deputat – xalq vakili hisoblanadi. Shunday ekan o‘z saylangan okrugida muntazam ravishda saylovchilar holidan xabar olishi, ularning dardini, muammolarini eshitishi zarur. Shu sababli tez-tez saylov okrugim tarkibidagi MFYlarida turli xil uchrashuvlar, tadbirlar o‘tkazib kelayapman. O‘tkazilayotgan uchrashuvlar Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, saylov okruglarida sanitariya qoidalari va normalariga to‘liq rioya etgan holda o‘tkazilmoqda.
Hozirgi pandemiya davrida aholini vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash, ish bilan ta’minlash, ish o‘rinlarini yaratish ko‘lamini yanada kengaytirish kabi g‘oyalarni ilgari so‘rish insonparvarlikning yorqin namunasidir. Okrug hududidagi Eski Juma, Katta Nayman va Olmazor MFYlarida istiqomat qilayotgan 15 nafar nogironligi bor, e’tiborga muhtoj fuqarolar holidan xabar olindi.
- Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.
Deputat etib saylanganimdan buyon o‘tgan davrda saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar va tadbirlarda fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalar yuzasidan 25 dan ortiq deputatlik so‘rovlarini tegishli tashkilotlarga chiqarib, natijasi yuzasidan muntazam ravishda nazorat qilib kelayapman. Deputatlik so‘rovlari asosan, saylovchilar tomonidan tushgan murojaatlarga ko‘ra, elektr energiyasi, suyultirilgan gaz ballonlari, ichimlik suvi, yo‘llarni ta’mirlash hamda sim yog‘ochlar masalasida tegishli tashkilotlarga yuborildi.
Tashkilotlarga yuborilgan so‘rovlar natijasida ko‘plab masalalar va muammolar o‘z yechimini topib kelmoqda. Aksariyat masalalar tuman doirasida hal etildi. Biroq ayrim tashkilotlar yuborilgan deputatlik so‘rovlariga umumiy tarzda dasturga kiritiladi, keyingi chorakda, keyingi yilda amalga oshiriladi tarzida javob berishiga tushunmayman.
Saylovchilar manfaati yuzasidan ko‘tarilgan masalaning hal etilishini so‘rab deputat so‘rovi yuborsak, javob xatida deputatdan amaliy yordam so‘rab javob xati yozadi. Deputat xalq vakili. Shunday ekan, hurmatli tashkilot rahbarlari deputatlar tomonidan yuborilgan so‘rovlarga aniq javoblar yuborishsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Qosim QARShIYeV,
46-Po‘latchi saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati.