BAAda koronavirus infeksiyasini bir necha soniyada aniqlashga qodir lazerli uskuna tayyorlandi

Amirliklarning QuantLase Imaging Lab laboratoriyasi koronavirusni lazer yordamida bir necha soniyada aniqlashga qodir uskuna ishlab chiqardi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.

“Qon hujayralariga COVID-19 infeksiyasi tushgan zahoti lazer uni aniqlaydi. Uskuna natijalari bir necha soniyada aniq bo‘ladigan keng ko‘lamli skrining tahlili o‘tkazishga qodir”, deya izoh bergan virusning hujayra o‘zgarishlari ustida tadqiqot olib borgan guruh rahbari, doktor Pramod Kumar.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, uskuna nafaqat kasalxonalarda foydalanishga qulay, balki undan kinoteatr, savdo markazi kabi maskanlarda va uy sharoitida ham qo‘llasa bo‘ladi. Doktor Kumar mazkur yangi tizim koronavirus tarqalishiga qarshi olib borilayotgan kurashdagi vaziyatni o‘zgartira olishiga katta ishonch bildirdi.

Shuningdek, doktor Kumar yangi uskuna bir necha oydan so‘ng savdoga chiqarilishini ma’lum qildi.