Rekord: BAAdagi auksionda avtomobil raqami 15 million dollarga sotildi, tushumlar xayriyaga yo‘naltiriladi

Avtomobil raqami Dubaydagi auksionda rekord darajadagi 55 million dirhamga (taxminan 15 million dollar) sotildi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Emirates Auction P7 davlat raqamini shanba kuni xayriya kimoshdi savdosida sotgan. Tushumlar muhtojlarga yordam berish maqsadida BAA vitse-prezidenti va Bosh vaziri, Dubay hukmdori Muhammad bin Rashid Al-Maktumning "1 milliard porsiya” gumanitar tashabbusini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Kim oshdi savdosi g‘olibi nomi oshkor etilmagan.

Birlashgan Arab Amirliklarida avtomobil raqamlarini kim oshdi savdosida sotish g‘ayrioddiy hol emas. Avvalgi rekord 2008 yilda shunday auksionlardan birida o‘rnatilgan edi. Mahalliy tadbirkor Said Abdel G‘affar Xuri Abu-Dabida 1 raqamli avtomobil raqami uchun 52,2 million dirham (taxminan 14,2 million dollar) to‘lagan.