Fransiya va BAA kompaniyalari Samarqandda zamonaviy ko‘prik, yerosti yo‘laklari va ko‘rkam avtomobil yo‘li qurish bo‘yicha loyihalarini taqdim etdi

Ushbu loyihalar taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir Samarqand viloyati qurilish boshqarmasida tashkil etildi. Unda viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

2022 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Shanxay Hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilishi ko‘zlanayotgan ushbu yirik loyiha ko‘hna kent ko‘rkamligi, infratuzilmasi sifatini ta’minlaydi. Ammo bu loyihani takomillashtirish, uni amalga oshirishda har bir ob’yekt, yer usti va yer osti kommunikatsiya tarmoqlari, ularning bugungi joylashuvi, ertangi holati qanday bo‘lishi hisobga olinishi lozim. Taqdimotda shular haqida gap bordi.

- Ushbu loyihada Samarqand shahrining Gagarin ko‘chasidagi 11,8 kilometr, Amir Temur ko‘chasidagi 2,3 kilometr yo‘l va uning atrofi to‘liq ko‘rkamlashtirilishi aks etgan, - deydi “SSS” kompaniyasining Samarqanddagi loyihasi menejeri Nezar Atiya. – Buning uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar o‘rganib chiqildi, loyihalar tuzildi. Bugun bajariladigan ishlar va ikki yildan keyin, ya’ni loyiha amalga oshgach, ushbu ko‘chalar qanday ko‘rinish hosil qilishi bo‘yicha mahalliy mutaxassislarga taqdimot tashkil qildik.

Tadbirda viloyat hokimi loyiha bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Jumladan, yo‘llar, ko‘priklar va yerosti yo‘laklarini qurishda shaharsozlik talablariga, yo‘l atrofidagi imoratlarni buzish yoki tartibga keltirishda qonunchilikka amal qilish zarurligini ta’kidladi.

Tadbir yakunida E.Turdimov viloyat qurilish boshqarmasi joylashgan bino va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Samarqand shahar qurilish bo‘limini ham shu yerga ko‘chirish, shaharda arxitektura va qurilish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar yechimini hamkorlikda hal etish zarurligini bildirdi.