BAA koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarni aniqlash uchun itlardan foydalanishni boshladi
Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarni aniqlash uchun xizmat itlaridan foydalanishni boshladi. Bu haqda vazirlikning Tvitter sahifasida xabar qilindi.
“Vazirlik koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida itlardan foydalanish mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli yakunladi”, deb ta’kidlangan xabarda.
Vazirlik bergan xabarga ko‘ra, xizmat itlari bilan ikki hafta mobaynida koronavirus bilan zaharlangan namunalarni aniqlash mashg‘ulotlari o‘tkazilgan. Jonivorlar mashg‘ulotlarni tezda o‘zlashtirib olganlar. Ular 92 foiz aniqlik bilan koronavirus infeksiyasini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Endi jonivorlar odam ko‘p yig‘iladigan joylarda koronavirus infeksiyasiga chalingan odamlarni aniqlashda yordam beradi.
Bundan tashqari, BAA IIV koronavirusdan boshqa sil kabi kasalliklarni aniqlashda ham itlardan foydalanishni rejalashtirmoqda.