Bahodir Jalolovning Tokio Olimpiadacidagi g‘alabasiga bag‘ishlangan film suratga olinadi

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan O‘zbekiston boks federatsiyasi, Surxondaryo viloyati hokimligi, “CONGLOMERATE “ MChJ hamkorligida sportchi Bahodir Jalolovning Tokioda o‘tgan Olimpiadadagi g‘alabasiga bag‘ishlangan “Yengilmas. Tokioga yo‘l” filmi suratga olinmoqda.

Rio-2016 Olimpiadasidagi muvaffaqiyatsizligidan so‘ng og‘ir vaznli bokschi Bahodir Jalolov qisman boksdan chetlashtirildi. Ammo bu mag‘lubiyatni omadsizlik deb hisoblagan murabbiylar sportchini terma jamoaga qaytarishga muvaffaq bo‘lishadi.

Bahodir yana mashg‘ulotlarga kirishadi va qisqa vaqt ichida bir qancha muhim turnirlarda g‘alaba qozonib, nafaqat Osiyo, balki jahon chempioni bo‘ladi. Bundan tashqari, professional boksda ham yuqori natijalar ko‘rsatadi.

Shuningdek, filmda antiqahramonlar ham bor: turnir hay’atiga bir amaldor keyingi Olimpiadada har qanday holatda ham amerikaliklarning g‘alabasini ta’minlash topshirig‘ini beradi.

Tokio Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasidan faqat Bahodir finalga yo‘l oladi, u yerda amerikalik Torrez bilan yuzlashadi. Turnir hay’atining rejasiga ko‘ra, u ko‘r-ko‘rona amerikalikka mag‘lub bo‘lishi kerak edi. Ammo so‘nggi lahzada ayyor va makkorona reja barbod bo‘ladi –  Baxodir Jalolov Olimpiada chempioniga aylanadi.

Rejissyor Akrom Isoqov, bosh prodyuser Firdavs Abduxoliqov, ssenariy mualliflari Sulton Abbosov, Sergey Kuzminix, sahnalashtiruvchi operator Xusanboy Alijonov.

Loyihaga 300 ga yaqin mahalliy va xorijiy aktyorlar jalb etilishi rejalashtirilgan. Filmda Otabek Musayev, Yoqub Ahmedov, Bekzod Muhammadkarimov, Saida Rametova kabi taniqli aktyorlar ham turli qahramonlarni gavdalantirishadi. Rejaga ko‘ra, 100 kishi ijodiy va texnik jarayonlarda qatnashadi. Tasvirga olish ishlarini Toshkent, Surxondaryo, Tokio, Nyu-York shaharlarida olib borish belgilangan.