Bahodirlar Xiva shahrida teplovozni 20 metrgacha tortish bo‘yicha bellashdi

Xiva shahrida polvonlar piri Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab  “Bahodirlar o‘yinlari” xalqaro turniri tashkil etildi.

Turnirning ikkinchi kunida turli mamlakatlardan kelgan polvonlar “Xiva” temir yo‘l vokzalida “O‘zbekiston poyezdi” shartida lokomotiv(teplovoz)ni 20 metr masofaga tortish bo‘yicha bellashishdi.

Ularning mahoratini yuzlab muxlislar kuzatishdi. E’tiborlisi, tomoshabinlar qatorida ko‘plab chet ellik sayyohlar ham bor edi.

Sportchilarning chiqishlarini xorijiy hakamlar boshqarib borishdi.

Ushbu mashqni bajarishda birinchi o‘rinni Ukraina davlatining 2019 yilgi chempioni Pavlo Kordiyaka egalladi. Ikkinchi o‘ringa O‘zbekistonning 46 karra, jahonning ikki marta chempioni va Osiyoning mutloq g‘olibi Sergey Trubitsin sazovor bo‘ldi. Uchinchi o‘rinni esa Janubiy Amerikaning 2018 yilgi eng kuchli polvoni Vagner Menetses Dos Santoz band etdi.