Bahsda har qanday vosita ham maqsadni oqlaydimi? Yoxud Samarqandda o‘rnatiladigan Rudakiy haykalining joyi haqida

“Ozodik” radiosida “Moxovxonaga” jo‘natilgan Rudakiy yoxud adibning uchinchi haykali” sarlavhasi ostida videolavha e’lon qilingan edi. Unda “bir guruh samarqandlik ziyolilarga” tayangan holda dunyoga mashhur shoir Abu Abdulloh Rudakiy haykali o‘rnatiladigan joy xususida fikrlar bildirilgan.

Lavhada “Rudakiy haykali o‘rnatiladigan yangi joy – shahar markazidan tashqaridagi “Moxovxona” mavzesidir” degan so‘zlar yangragan. Xo‘sh, bu joy “moxovxona” mavzesimi? Kim bunday sharmandalikka yo‘l qo‘ygan ekan? Bu ma’lumotdan xabar topgan ulug‘ shoir va mutafakkirning dunyoning turli mamlakatlaridagi ko‘p sonli muxlislari-yu adabiyot ixlosmandlari nima deb o‘ylaydi? Nahotki, shu gaplar rost bo‘lsa?

Ana shu savollar meni ham qiynadi, yuqoridagi xabarni eshitib, oromim buzildi. Haykal o‘rnatiladigan joy “moxovxona” emasligini bilsam-da, “bir guruh samarqandlik ziyolilar” so‘zlariga tayangan “Ozodlik” radiosi da’vosini noto‘g‘ri ekanligini asoslash uchun biroz izlanishga to‘g‘ri keldi.

“Ozodlik” ta’kidlagandek, Abu Abdulloh Rudakiy (yashagan yillari: 858-941) butun dunyo tan olgan allomalardan biridir va uning xotirasini tiklash zarur. Shu munosabat bilan Samarqandda shoir haykali qanday ko‘rinishda bo‘lishi kerak va uni shaharning qayerida o‘rnatish lozim, degan bahs-munozaraga qo‘shilmagan holda faqat bir masala bo‘yicha fikrimni bayon qilishni lozim topdim. Haykal o‘rnatilishi aytilayotgan joy “moxovxona” mavzesimi? Yoki haykalni bu yerda o‘rnatishni xohlamayotganlarning o‘z raqiblarini “mahv” qilish uchun o‘ylab topgan xayoliy da’volarimi?

Samarqand shahrida xalq tilida “moxovxona” atalmish joy bor. Ammo u kichik bir hududni tashkil etadi va uni mavze yoki mahalla deb atash unchalik ham to‘g‘ri emas. Bu joyning Rudakiy haykali o‘rnatilishi lozim bo‘lgan hududga hech qanday aloqasi yo‘q va u hech vaqat yuqoridagi nom bilan atalmagan. "Siyob bozori"dan kelayotganda hozir haykal o‘rnatiladigan joydan ancha pastda, g‘isht zavodidan o‘tganda ayrim katta avlod vakillari hanuzgacha “moxovxona” deb ataydigan joy mavjud. Ammo vrach-dermatolog, ko‘p yillar davomida Samarqand shahar teri-tanosil kasalliklari shifoxonasini boshqargan Xurshid Niyozovning so‘zlariga qaraganda, bu hududda moxovlar bo‘lmagan. Faqat ayrim oilalarda terisiga oq dog‘lar ko‘ringan kishilar bo‘lgan. Bu – tibbiyotda vitiligo, xalq orasida «oq dog‘» nomi bilan ma’lum bo‘lgan xastalik hisoblanadi (u pes kasalligi ham deyiladi).

“Zamonaviy tibbiyot bu xastalikni kosmetologik nuqson sifatida baholamoqda. Teriga rang beruvchi melanin pigmentining kamayishi yoki yo‘qolishi tufayli ushbu kosmetologik nuqson vujudga keladi. O‘tgan zamonlarda odamlarimiz bunday ma’lumotlardan bexabar bo‘lganligi bois terisida oq dog‘i bo‘lganlarni moxov deb hisoblagan. Boshqacha aytganda, pes bilan moxov kasalligi bir xil tushunilgan

-  Kosmetologik nuqson yuqmaydi va uning davosi topilgan”, – deydi X.Niyozov.

O‘sha kasallik bor deyilayotgan hududga borib, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan suhbatlashdim. Ushbu mahalla ahli kaminani noto‘g‘ri tushunib, ko‘ngliga yomon gap kelmasin degan istiloha bilan ushbu MFY nomini keltirmasdan, uning raisi Halim Barotov so‘zlarini keltirish bilan cheklanaman. Suhbatdoshim hozir ham ayrim oilalarda terisida oq dog‘ bo‘lganlar mavjudligi, ammo ularning soni tobora kamayib borayotganligini ta’kidladi. “Buning sabablari ko‘p. Bir tomondan tibbiyotning rivojlanishi, boshqa tomondan, bu hududda yashayotganlar bilan boshqa mahalla va qishlog‘u shaharlar o‘zaro qiz berib-qiz olish hamda o‘g‘il uylantirish tufayli ham xastalik kamayib bormoqda”, deydi suhabatdoshim. H.Barotov mahallada aholi soni ko‘payib borayotganligi, hududda ko‘p qavatli uylar qurilayotganligi va tumanlardan yuzlab oilalar ko‘chib kelayotganligini ijobiy omil sifatida baholadi. Rudakiy haykali o‘rnatiladigan joy Istiqbol mahallasi hududiga kiradi. MFY raisi O‘ktam Hojiyev mahallada yuqorida tilga olingan kasallik bilan og‘rigan bir kishi ham yo‘qligini va bu yerni nazarda tutgan holda, “Moxovxona”ga jo‘natilgan Ro‘dakiy” deb dodlash haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini uqtirdi.

“Avvallari mahallamiz hududida ko‘chirib keltirilgan qrim tatarlari yashagan va shuning uchun bu joy xalq tilida “qrimtorg” deb atalgan. Qrim tatarlari yurtiga ketgach, 2009 yilda Istiqbol mahallasi tashkil etilgan edi. Mahallamizda 2 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi va u hech qachon “moxovxona” deb atalmagan”, – dedi biz bilan suhbatda O‘.Hojiyev. Yuqoridagilardan ayon bo‘lganidek, Rudakiy haykali o‘rnatiladigan joyni badnom qilishga urinish xolislikdan yiroq bir ishdir. O‘rta asrlardagi iyezuitlar va hukmdorning o‘z hokimiyatini saqlab qolishi yo‘lidagi barcha amallarini to‘g‘ri deb talqin qilgan Makiavelli “maqsad vositani oqlaydi” tamoyilini dastak qilishgan. Lekin zamonamizning “bir guruh ziyolilari” “Ozodlik” radiosining o‘z faoliyatida xolislikni da’vo qilib kelayotgan xodimlarini ushbu tamoyil asosida chalg‘itishini oqlab bo‘lmaydi. Keyingi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar ikki davlat rahbarlarining irodasi tufayli yaxshilanib, xalqlarimiz ko‘p vaqtlar kutgan yo‘lga kirib borayotgan bir paytda yuqoridagi kabi noxolis chiqishlar koni zarar deb o‘ylayman. Ikki xalq do‘stligini mustahkamlash yo‘lida Samarqand viloyatining o‘zida anchagina ko‘zga ko‘rinadigan ishlar amalga oshirildi. “Ovozi Samarqand” viloyat gazetasiga bo‘lgan munosabat ijobiy tomonga o‘zgarishi va gazetaning 30 yilligi tantanali nishonlanishi, Tojik va tojikzabonlar milliy-madaniy markaz faoliyatining yuqori bosqichga ko‘tarilishi hamda Rudakiyning yangi haykali bunyod etilishiga katta mablag‘ ajratilishi ana shu ishlarning bir qismidir. “Ovozi Samarqand” gazetasi bosh muharriri Bahodir Rahmonovning so‘zlariga qaraganda, dastlab Rudakiyning byustini o‘rnatish masalasi muhokama etilgan. “Shunda men viloyat hokimiga byust o‘rniga avvallari Registon ko‘chasida bo‘y cho‘zib turgan shoir haykalini o‘rnatish taklifini bildirdim. Erkinjon Turdimov bu taklifga rozi bo‘ldi va haykalni topish ko‘rsatmasini berdi”, eslaydi B.Rahmonov.

Avvalgi haykal muzey omborxonasidan topilgan va o‘rnatish uchun yaroqsiz ekanligi ma’lum bo‘lgan. Navbatdagi shaharsozlik kengashida B.Rahmonovdan eski haykalni o‘rnatib bo‘lmasligini eshitgach, E.Turdimov mutaxassislarga qancha mablag‘ ketsa ham katta va chiroyli haykal yasashga ko‘rsatma bergan. Natijada balandligi deyarli 5 metr bo‘lgan haykal tayyorlandi va uni buyuk shoir nomi bilan atalayotgan ko‘chada, Istiqbol mahallasi hududida o‘rnatish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu chin dildan xursand bo‘lishga arziydi. Shunday emasmi, Samarqandning o‘zim bilgan va hurmat qilgan aziz, dono va xolis ziyolilari?!

Toshpo‘lat Rahmatullayev.