Barcha maktablarda "Shaxmat sinflari" ochiladi

Barcha maktablarda “Shaxmat sinflari” ochiladi. Bu haqda AOKAdagi brifingda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ma’lum qildi.  

–  Joriy yilda sport musobaqalari sonini oshirish maqsadida davlat byudjetidan 100 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi. Hozirda sport bilan doimiy shug‘ullanish ko‘rsatkichi 19 foiz bo‘lib, 2021 yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 25 foizga yetkaziladi, - deydi Aziz Abduhakimov.

Brifingda turli yoshdagi yoshlarni qamrab oladigan futbol bo‘yicha “Charm to‘p” Bosh vazir kubogi o‘tkazilishi hamda kelgusi yilda 916 kilometr masofalik “Salomatlik yo‘laklari” barpo etilishi ham ta’kidlandi.

Bundan tashqari, mahallalarda 500 ga yaqin stritbol, 355 ta badminton va qo‘shimcha ravishda 420 ta mini futbol maydonlari, 350 ko‘chada vorkaut maydonchasi qurilishi haqida ma’lumot berildi.

–  Shuningdek, 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingga yaqin bog‘cha va 10 mingta maktab jami 120 milliard so‘mlik birlamchi sport jihozlari bilan ta’minlanadi, - deydi Bosh vazir o‘rinbosari.