“Barkamol avlod” bolalar maktabi e’tibordan chetdami?

“Barkamol avlod” bolalar maktablari maktab o‘quvchilarining darsdan bo‘sh vaqtlarida turli to‘garaklarga jalb etadi. O‘quvchilar ixtiyoriy ravishda o‘zi yoqtirgan to‘garakka qatnashadi. Kimdir shaxmat sirlarini, kimdir bichish-tikish, kimdir kompyuterda ishlashni o‘rganadi. Ammo, keyingi paytlarda “Barkamol avlod” bolalar maktablariga e’tibor susaygandek. Xo‘sh, nega?

Past Darg‘om tumaniga safarimiz chog‘ida tumandagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyati bilan tanishdik.

- O‘quv binomizning sig‘imi 100 o‘rinli, maktabimizga 320 nafar o‘quvchi qatnaydi, - dedi maktab direktori Suhrob Umurzoqov. – Tuman maktablari qoshida ham filiallarimiz bor, jami 1400 nafar o‘quvchini 13 ta to‘garakka qamrab olganmiz. Maktabga o‘quvchilar ikki navbatda, ya’ni ertalab va tushlikdan keyin keladi. Mashg‘ulotlar soat 9:00 da va 15:00 da boshlanadi.

Biz tumandagi “Barkamol avlod” bolalar maktabiga borgan chog‘imiz ertalabki mashg‘ulotlar tugagan ekan. Bolalarni to‘garak mashg‘ulotlarida ko‘rmadik.

To‘garak rahbarlariga qancha ish haqi to‘lanadi?

Maktabda 48 nafar o‘qituvchi bo‘lib, ularning asosiy qismi o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Sababi, “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garak rahbarlariga 1 shtat birligida 1 million 357 ming so‘m ish haqi to‘lanadi. Shuning uchun ham oliy ma’lumotli mutaxassislar kam maoshga ishlamaydi.

To‘lov qancha?

“Barkamol avlod” bolalar maktabi o‘quvchilari oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi, ya’ni 12 350 so‘m miqdorida yig‘imi to‘laydi. Faqat kam ta’minlangan oila farzandlari, nogironligi bo‘lgan bolalar ushbu to‘lovdan ozod qilingan. Ammo vznos pullarini maktab ma’muriyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlata olmaydi. Maktab uchun sotib olinadigan har bir asbob-uskuna yoki mahsulot turli qog‘ozbozliklardan so‘ng olinadi.

Maktabda qanday muammo bor?

Maktab direktorining aytishicha, uch yildan beri rabototexnika va mental arifmetika mutaxassisi topilmayapti. Shuning uchun maktabda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha to‘garak tashkil etilmagan, lekin o‘qishni istovchi talabgorlar bor. Shuningdek, maktabda elektr energiyasi yo‘qligi va xonalar sovuqligiga guvoh bo‘ldik.

Maqtashga arzirli yutuqlar ham yo‘q emas

2021 yilning fevral oyida to‘garak rahbari Sherali Xalilov shaxmat bo‘yicha viloyat chempionatining yarim final bosqichida g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, yosh shaxmatchilardan – Murodjon Rahmonqulov, Aziza Azimova, Jafar Qo‘chqorov, Kamron Sayfullayevlar ham ushbu musobaqada g‘oliblikka sazovor bo‘ldi.

***

Prezidentimizning 2019 yil 30 sentyabrda qabul qilingan “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2024 yilga qadar “Barkamol avlod” bolalar maktabining jami to‘garak rahbarlari soniga nisbatan 50 foiz oliy ma’lumotli mutaxassislar bilan to‘ldirilishi belgilangan. Mazkur qarorga ko‘ra, bu yerdagi o‘quvchilar soni umumta’lim maktablaridagi o‘quvchilar sonining 10,5 foizini tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, eksperiment tariqasida har bir tumanda bitta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq to‘garaklari tashkil etilishi belgilangan.

Bugun Past Darg‘om tumanida 127 ta maktabda 66 873 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Tumandagi “Barkamol avlod” bolalar maktabiga o‘quvchilar qamrovi 10,5 foiz bo‘lishi uchun umumta’lim maktablaridan 7 mingdan ortiq bola qatnashi kerak. Atigi 100 o‘ringa ega “Barkamol avlod” bolalar maktabi tabiiyki bunday quvvatga ega emas. 2024 yilga qadar o‘quvchilar sonining ortishini hisobga olsak, Prezident qarorining ijrosini ta’minlash uchun tumanda yangi, zamonaviy va keng sig‘imga ega “Barkamol avlod” bolalar maktabi qurilishi lozim. Ammo buni kim va qachon qiladi?

Xurshida Ernazarova.