Hunarmand bizda nega ishlamadi?

«Barkamol avlod» bolalar markazi o‘g‘il-qizlar iqtidorini namoyish etish, ularga ixtirochilik ko‘nikmasini singdirish, kasbga o‘rgatish uchun juda qulay joy. Bizda hamma kasb sirlarini o‘rgatish imkoniyati bor.

Yil boshida markazimizga viloyatdagi eng mohir zardo‘zni taklif etdik. U bolalar bilan qiziqarli mashg‘ulot o‘tdi va ularga o‘z kasbini sidqidildan o‘rgatdi. Ammo ko‘p o‘tmay, ochig‘i, maoshini olgach, bizni tark etdi. Chunki u 500 ming so‘m maoshga ishlamaydi. Boshqa kasb egalari bilan ishlashda ham shunday qiyinchilikka duch kelyapmiz.

To‘g‘ri, Prezidentimizning «Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi tayyorlangan, ammo u hozircha taklif sifatida qolib ketyapti.

Bugungi kunda ayrim idoralarning farroshlari bizdan ko‘p maosh olishadi. Shu sababli o‘z kasbining ustalarini jalb qila olmayapmiz. Faqat fidoyilargina bu ishni qilib kelishyapti.

Investitsiyaning eng nodiri va keraklisi, eng ko‘p samara beradigani bola iqtidorini rivojlantirishga yo‘naltirilganidir. Shunday ekan, mutasaddilar bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishlarini so‘rardim.

Nazira QOBILOVA,

Samarqand shahar «Barkamol avlod» bolalar markazi rahbari.