Viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabida nega qurilish ishlari sust ketyapti?
O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning qiziqishlari doirasida turli kasb-hunarlarga yo‘naltirish, qobiliyatlarini har tomonlama rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashda joylarda faoliyat olib borayotgan “Barkamol avlod” bolalar maktablarining o‘rni beqiyos.
Bugun ushbu maskanlarni obod qilish, yoshlar uchun munosib sharoitlar yaratish borasida amaliy ishlarga qo‘l urilmoqda. Jumladan, respublikamizdagi bolalar maktablari orasida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan Samarqand viloyati “Barkamol avlod” bolalar maktabida bugun mukammal ta’mirlash ishlari boshlangan.
“Kaskata bilding” qurilish korxonasi hamda “Parvez proyekt servis” MChJ loyihasi asosida amalga oshirilayotgan mukammal ta’mirlash ishlariga 4,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ safarbar etilgan.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov “Barkamol avlod” bolalar maktabidagi qurilish va ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. Afsuski, yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan ushbu muassasada qurilish ishlari sust ketyapti, kamiga ishlar sifatsiz bajarilayotgani ma’lum bo‘ldi. Qurilish ishlari boshlanganiga qariyb bir oy bo‘lgan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar “Parvez proyekt servis” MChJ tomonidan loyiha yakunlanmagan. Qurilish chiqindilari o‘z vaqtida olib chiqib ketilmayapti. Maktabning soz holatdagi anjomlari, parta, stol-stullardan qurilish jarayonlarida foydalanilayotgani sababli ular yaroqsiz ahvolga kelib qolmoqda.
Ta’kidlash joizki, viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori lavozimi bo‘sh turgan edi. Ushbu lavozimga ayni paytga qadar Samarqand shahridagi 1-bolalar musiqa va san’at maktabi direktori sifatida ishlab kelgan Firuza Nazarova tayinlandi.
Boshqarma boshlig‘i hozirga qadar viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi qoniqarsiz faoliyat olib borgani, tuman va shaharlardagi shunday maktablar bilan o‘zaro hamkorlik yo‘qligini tanqidiy tahlil qildi. Yangi rahbar va maktab jamoasi oldiga kelgusida amalga oshiriladigan muhim vazifalar va chora-tadbirlar belgilab olindi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.