Basketbol, gandbol va universal sport zallarini investitsiya dasturi asosida qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan

Kecha, 10 aprel kuni telegram kanal va saytimizda “Samarqand shahridagi sport maktablarida qanday muammolar bor?” sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilgan edik. Holat yuzasidan viloyat sport boshqarmasi munosabat bildirdi.
“Samarqand shahridagi sport ta’lim muassasalari faoliyati yoritilgan maqolada Samarqand shahridagi o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashgan sport maktabiga qarashli olimpiya o‘yingohi, basketbol, gandbol, badminton va universal sport zallarida rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani keltirib o‘tilgan.
Hozirda ushbu sport maktabiga qarashli badminton markazi foydalanishga topshirilgan bo‘lib, olimpiya o‘yingohida qurilish-ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Basketbol, gandbol va universal sport zallarini qurish-ta’mirlash ishlarini 2026 yil investitsiya dasturiga kiritish va mablag‘ ajratish uchun loyiha takliflari ishlab chiqilgan.
To‘g‘ri, olimpiya o‘yingohida abituriyentlar uchun test sinovlari o‘tkaziladi. Bu vaqtda sportchilarning vaqtincha mashg‘ulotlarini olib borishi uchun viloyatdagi boshqa sport ob’yektlarida zarur sharoitlar yaratib berilmoqda.
Samarqand shahridagi 1-son sport maktabiga qarashli ochiq suv havzasidan esa davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanish uchun tadbirkorlar bilan buyurtmalar shakllantirilmoqda. Ayni vaqtda viloyatdagi 8 ta shunday sport inshootini davlat-xususiy sheriklik asosida ta’mirlash va foydalanish rejalashtirilgan.
Viloyatdagi sport ta’lim muassasalarida sportchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar, zamonaviy sport inshootlari barpo etilayotgani shahardagi 2-son sport maktabi faoliyati misolida ko‘rish mumkin. Albatta, bu boradagi ishlar barcha sport ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ma’lum qilamiz”, deyiladi munosabatda.