Baxtiyor Sayfullayev: “Gazetalarda deputatlar faoliyati bilan bog‘liq doimiy ruknlar tashkil etilishi kerak”

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev xalq deputatlari mahalliy Kengashlar, doimiy komissiyalar faoliyatining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyati Matbuot uyida bo‘ldi.

Bu yerda viloyat "Zarafshon", "Samarkandskiy vestnik", "Ovozi Samarqand", tuman va shahar gazetalarida Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi hamda Senatining birinchi majlislarida belgilab bergan vazifalari asosida mahalliy Kengashlar faoliyati, ular tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari qarorlarining bajarilishi, shuningdek, senatorlar, deputatlarning ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarini kuzatdi.

- Gazetalarda “Deputat minbari”, “Doimiy komissiyalarda”, “Deputatga uch savol”, “Mahalliy Kengashlarda” kabi doimiy ruknlar ostida muntazam ravishda materiallar berilishi, ularda davlat va hududiy dasturlar ijrosi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘la aks etishi kerak, - dedi B.Sayfullayev. – Bu birinchidan, deputatlarning faolligini ta’minlasa, ikkinchidan, jamoatchilikning kengashlar faoliyati, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlardan xabardorligini oshiradi.