Befarqlik va g‘aflat
Shu sababli ham muhtaram Yurtboshimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini chin yurakdan, o‘ksib-o‘ksib, shuning barobarida katta faxr bilan tingladim. Agar biz ham Prezidentimiz kabi vatanparvar, elparvar, jasoratli bo‘lsak, yurtimiz nechog‘li qudratli, xalqimiz nechog‘li baxtli bo‘lishini tasavvur etdim.
Murojaatnoma yolg‘on siyosatdan qo‘rqib yashagan xalqimiz yuragiga taskin, ko‘ziga ishonch bag‘ishladi. Axir o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, kollektivlashtirish, Ikkinchi jahon urushi, qatag‘on, quloq qilish va nihoyat, "paxta ishi" bahonasida yillar davomida toptalgan xalq nuqtai nazarini o‘zgartirish, unga ishonch bag‘ishlash osonmi?
Mustaqillikdan keyin ham aksariyat tizim rahbarlari g‘aflat uyqusidan uyg‘onishni uddalay olishmadi. Buni o‘z vaqtida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ham kuyinib aytgan edilar. Faflat esa el oldida o‘zini oqlash uchun yolg‘onchilik, va’dabozlik, qo‘shib yozish, firibgarlik kabi illatlarga yo‘l ochdi. Natijada odamlarda nafaqat mamlakat, balki o‘z taqdiriga ham befarqlik paydo bo‘ldi.
Qarang, birgina Samarqandning o‘zida ana shu e’tiborsizlik va befarqlik tufayli qanchadan-qancha ariqlarimiz ko‘milib ketdi. YuNESKO ma’naviy merosiga kirgan obidalar atrofida tap tortmasdan imoratlar quraverdik. Hatto bir vaqtlar hashar yo‘li bilan qurilgan, shahar havosini tozalab turgan "Bog‘-ko‘l" ("Park ozero") bugun bolalar maydonchasiga o‘xshab qoldi. Ko‘hna maskanga tog‘ havosini keltirib turgan barcha soylarni ko‘mib, imoratlar qurdik. Ko‘plab rahbarlar o‘z ishiga emas, balki paxtaga, g‘allaga, hasharga chiqmagani uchun vazifasidan chetlatildi. "Bergan edim", "Olgan edim" kabi to‘qimalar tufayli ularning qanchasi azob chekdi.
Rahmat, boriga shukur, davlatimiz rahbari mana ikki yildirki, ana shu xavfli illatlar ildiziga bolta urishni boshladi. Ayniqsa, u kishining Murojaatnomasidagi g‘oya va takliflar, hayotiy yo‘l-yo‘riqlar qisqa muddatda bunday illatlarni bartaraf etishga yordam beradi.
Lekin bu oson ish emas. Shu sababli davlat rahbari Oliy Majlisga, butun xalqimizga murojaat qildi. Ko‘nglini ochib, dardu hasratini, rejalarini, ezgu niyatlarini bizga havola etdi. Nuroniy sifatida bir gapni aytaman, agar ana shu so‘zlarga amal qilmasak, o‘z kuchimizni ishga solmasak, o‘zgarmasak, bizni davr ham, Xudo ham kechirmaydi. Shaxsan men bu qaynoq jarayonning qizg‘in joyida bo‘lishga tayyorman. Siz-chi?