Bekzod Jo‘rayev Samarqandning “Ibratli sudya”si deb topildi

2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni bilan sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida «Ibratli sudya» mukofoti joriy etildi.

Mazkur farmondan kelib chiqib, Sudyalar oliy kengashi tomonidan “Sudyalar faoliyatini baholash bo‘yicha elektron reyting tizimi» yaratilgan.

Unga ko‘ra, eng yaxshi deb topilgan sudyalar yil yakunida “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlanishi ko‘rsatilgan. O‘tgan yili mukofotga nomzodlarni saralash natijalaridan kelib chiqib, respublikamiz sud tizimida faoliyat yuritayotgan 16 nafar sudya “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlangan edi. Bu yil 20 nafar sudya bu sharafga loyiq ko‘rildi. 

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirni boshqargan Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov sudyalar faoliyatini baholash bo‘yicha elektron reyting tizimi kutilgan natijani berayotganligi, sudyalar faoliyati shaffof va odilona baholanayotganini ta’kidladi. Bu yilgi taqdirlanganlar ham yuqori reyting ko‘rsatkichlari asosida tanlab olindi.

Sudyalar oliy kengashi tomonidan onlayn shaklda o‘tkazilgan marosimda ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan sudyalar tantanali ravishda taqdirlandi. Taqdirlanganlar orasida Payariq tumani iqtisodiy sudi raisi Bekzod Jo‘rayev ham bor.

Huquqshunos sulolasi vakili bo‘lgan Bekzod Jo‘rayevning faoliyati haqida doimo iliq fikrlar bildiriladi. Chunki Payariq tuman iqtisodiy sudiga kelgan har bir fuqaro o‘z bilimi va tajribasiga ishongan, suhbatdoshini tinglay oladigan va ma’nili fikr beradigan bu sudyaning huzuridan norozi bo‘lib ketmaydi. Sud binosi ostonasiga qadam qo‘yganlar bu yerdagi orastalik, obodlik, o‘zaro hurmat muhitidan ko‘ngli to‘ladi. 

Reyting professionalizm, odob-axloq qoidalariga rioya etish, murojaatlar bilan ishlash, bilim darajasi, qabul qilingan sud qarorlarining sifati kabi mezonlar asosidagi to‘plagan ballari hisobidan shakllantiriladi. 

Sadriddin Nabiyev,

Samarqand viloyati sudi bosh konsultanti.