Qonunchilikdagi o‘zgarishlar sudyalarga tushuntirildi
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda BMT Taraqqiyot dasturi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi hamkorligida “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar mazmun-mohiyatini tushuntirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar targ‘ibotiga bag‘ishlangan seminarda Samarqand viloyat sudi va viloyat ma’muriy sudi sudyalari, tizim mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda sud ishlarini yuritish sohasidagi qonunchilik yangiliklari, sud qarorlarini qayta ko‘rish institutlaridagi islohotlar haqida so‘z yuritildi. Sohadagi o‘zgarishlar asosida kelgusidagi faoliyat mezonlari belgilab olindi.
– Seminardan ko‘zlangan maqsad sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar, qonun hujjatlaridagi yangiliklarni tizim xodimlariga batafsil tushuntirish, qonunchilikdagi islohotlarni amaliyotga tatbiq etishda yuzaga kelayotgan muammolar, munozarali masalalarni aniqlagan holda Oliy sudning qonunchilik tashabbusi asosida ularni hal etish, yangi qonun hujjatlarini qabul qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishdan iborat, – deydi Oliy sudning sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sherbek Nazarov. – Seminar davomida yangi qonun hujjatlari bo‘yicha atroflicha fikrlashdik. Ya’ni, apellyasiya va kassatsiya instansiyalari to‘liq isloh etilib, ilg‘or xorijiy tajribalarga muvofiqlashtirilganligi, sud ishlarini ko‘rishda nazorat instansiyasi to‘liq bekor qilinganligi, shuningdek taraflarning teng huquqliligi prinsipini ta’minlash bo‘yicha prossetsual kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganligi xalqaro tashkilotlar, ekspertlar tomonidan e’tirof etilayotganligi ta’kidlandi. Galdagi vazifa ushbu o‘zgarishlarni amaliyotga keng tatbiq etgan holda jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashdan iborat. Bu xalqaro reytinglarda mamlakatimiz nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Seminarda sudyalar sohadagi o‘zgarishlarni atroflicha o‘rganib, faoliyatlaridagi mavjud munozarali vaziyatlarni hal etish borasida tegishli tushunchalarga ega bo‘ldi.
– Bugungi seminarda ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilik bo‘yicha yangiliklar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik, - deydi viloyat ma’muriy sudi sudyasi Aziz Toshpo‘latov. – Ma’muriy sud asosan, fuqarolarning davlat organlari va ma’muriy idoralar tomonidan buzilgan huquqlari, manfaatlarini himoya qilish maqsadida tuzilganligi bois joylarda tumanlararo sudlar tuzildi. Bunda sudlar, sudyalar faoliyatiga davlat tashkilotlari tomonidan ta’sir o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik nazarda tutilgan. Bu ham qonun ustuvorligini ta’minlashdagi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Seminar davomida ayni jarayonlarda yuzaga kelayotgan yoki kutilayotgan boshqa holatlar bo‘yicha batafsil so‘z yuritilib, yetarlicha tushuncha berildi.
Seminar yakunida sudyalar tomonidan sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.