Sudyalar kutubxonaga a’zo bo‘ldi

Samarqand viloyat sudi sudyalari va sud xodimlari Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi faoliyati bilan tanishdi.

– Kitob o‘qimagan sudya hayotni yetarli tushunolmaydi. Chunki amaldagi qonunlar bilan birga hayotning ham o‘z yozilmagan qonunlari bor, – deydi Samarqand viloyati sudi sudyasi B.Jumaboyev. – Inson taqdirini hal qiluvchi sudya esa keng dunyoqarashli, mulohazali, hayotiy tajribali va kuchli bilimli bo‘lishi lozim. Buning uchun, huquqiy adabiyotlar, qonunlarni o‘rganib borish bilan birga muntazam ravishda badiiy adabiyot bilan oshno bo‘lib, dunyoqarashini, ma’naviyatini oshirishi lozim. Shu maqsadda bugun ushbu ziyo maskaniga kelib, markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdik.

Tashkil etilganiga joriy yilda 110 yil to‘ladigan kutubxona 650 mingdan ziyod kitob fondiga ega. Bu kitoblarning 10 mingdan ortig‘i nodir adabiyotlar hisoblanadi. O‘tgan yil markaz binosi viloyat hokimligi tashabbusi bilan kapital ta’mirlandi. Kutubxona muzeyi, bolalar zali, ilmiy zal, huquqiy adabiyotlar bo‘limi tashkil etildi.

Huquqiy adabiyotlar bo‘limi, unda to‘plangan kitoblar fondi huquqshunoslarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Sudya va sud xodimlari kutubxonaga doimiy a’zo bo‘ldilar. Shu bilan birga, o‘zlari bilan olib kelgan kitoblar va ko‘p yillik gazeta taxlamlarini kutubxona fondiga taqdim qildi.

Samarqand viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.