Belgiya OAV: Registon me’moriy majmuasi o‘zbek xalqining qanchalik ijodkor va mehnatkashligi ifodasidir

Fransuz tilidagi Belgiya radio va televideniyesining (RTBF) "Un monde a part" dasturi bosh muharriri Fransua Mazur o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida O‘zbekiston shaharlariga bag‘ishlangan videolavhalarni joylashtirdi.

Videorolik boshida muallif O‘zbekistonga ilgari hech qachon tashrif buyurmaganini ta’kidlaydi. "Bu mamlakat Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan bo‘lib, madaniy va tarixiy merosi inkor etib bo‘lmaydigan darajada boy. Aytishim mumkinki, bu men tashrif buyurgan eng ajoyib mamlakatlardan biridir", – degan bosh muharrir.

Fransua Mazur ta’kidiga ko‘ra, mamlakatimiz hududida qadimiy Ipak yo‘lining afsonaviy shaharlari joylashgan. Xususan, Samarqand, Buxoro va Toshkent kabi qadim shaharlar sivilizatsiyalar, buyuk imperiyalar markazi bo‘lgani urg‘ulagan. O‘zbekiston madaniyati, tili, me’morchiligida rus, turk, fors, arab va mo‘g‘ullar ta’sirini sezish mumkin.

"Samarqand, Buxoro va Toshkent kabi shaharlarda haligacha o‘z ulug‘vorligini saqlab kelayotgan tarixiy binolarni ko‘rib hayratda qoldim. Bu tarixiy inshootlar o‘tmishda mintaqaning gullab-yashnaganidan dalolat bermoqda. Bu binolarning ba’zilari keng qamrovli restavratsiyadan o‘tganiga qaramay, o‘zining ko‘rkamligi bilan meni mahliyo etdi. Samarqandda rang-barang mozaikalar bilan bezatilgan uchta madrasadan iborat Registon me’moriy majmuasi o‘zbek xalqining qanchalik ijodkor va mehnatkashligi ifodasidir", – deb ta’kidlagan jurnalist.

"Un monde a part" dasturi bosh muharririning ma’lumotiga ko‘ra, Buxorodagi Kalon minorasi qariyb 900 yil davomida deyarli o‘zgarmagan. U bir vaqtlar Markaziy Osiyodagi eng baland inshoot bo‘lgan.

RTBF – Belgiya fransuz hamjamiyatining davlat teleradiokompaniyasi sanaladi. Bosh qarorgohi Bryussel shahrida joylashgan. Teleradiokompaniyaning Sharlerua, Lej, Mons, Namyur va Libramonda mintaqaviy ofislari bor, deb xabar bermoqda (https://dunyo.info/uzk/mir-ob-uzbekistane/na-socialnyh-platformah-belgii-predstavlen-videomaterial-posvyaschennyy-kulture-i-istorii-uzbekistanahttps://dunyo.info/uzk/mir-ob-uzbekistane/na-socialnyh-platformah-belgii-predstavlen-videomaterial-posvyaschennyy-kulture-i-istorii-uzbekistana) "Dunyo AA.