Bemorga yordam bermoqchi bo‘lgan hamshira uning buvisi tomonidan kaltaklandi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayol kishining hamshirani do‘pposlagani aks etgan videoxabar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan atroflicha o‘rganilib, qo‘yidagilar ma’lum qilindi.

2020 yil 5 yanvar kuni soat 19.00 atrofida Surxondaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining qabul bo‘limiga 2017 yil tug‘ilgan bemor F.M.ning tana harorati yuqori ekanidan shikoyat qilib, amakisi hamda buvisi tomonidan murojaat qilinadi.

Qabul bo‘limi hamshirasi S.B. birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida bemorning tana haroratini o‘lchaydi. Tana harorati yuqori ekanini aniqlagan hamshira haroratni tushirish maqsadida paratsetamol shamchasini qo‘yish uchun bemorni muolaja xonasiga olib kirishni ko‘rsatadi. Shunda to‘satdan bemorning buvisi sababsiz hamshiraning shaxsiyatiga tegadigan haqorat so‘zlar bilan baqirib, uni kaltaklaydi.

Shunga qaramay, qabul bo‘limida navbatchi shifokor A.N. tomonidan bemor F.M.ga birinchi yordam ko‘rsatilgan va “O‘tkir respirator kasalligi” tashxisi bilan statsionar davolanishga yotqizilgan.

Bolaning amakisi, buvisi va qarindoshlari tomonidan kaltaklagan hamshira S.B. “bosh miya chayqalishi, chap chakka sohasi yumshoq to‘qimalarining ezilishi” tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Bemorning ahvoli tajribali shifokorlar tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi va viloyat prokuraturasiga murojaat qilingan. Mazkur vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, so‘nggi paytlarda bemorlarning qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holatlari ko‘p kuzatilayotgani, ayniqsa, bu holatga xotin-qizlarimizning ham aralashayotgani achinarli holdir.

– Biz bu kasbni kaltaklanish, xo‘rlanish uchun tanlamaganmiz, – deydi kaltaklangan hamshiraning turmush o‘rtog‘i, tibbiyot xodimi Xolmo‘min Eshdavlatov. – Bu voqea oilamizga, to‘rt nafar farzandimizning ruhiyatiga qattiq ta’sir qildi. Shifokorlarga nisbatan qilinayotgan tajovuzlar qachongacha davom etishi mumkin? O‘z xizmat vazifasini tunu kun bajarayotgan tibbiyot xodimining xavfsizligi qachon ta’minlanadi? Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan turmush o‘rtog‘imga qo‘l ko‘targanlarga nisbatan keskin jazo choralarini ko‘rishlarini talab qilaman.

Darhaqiqat, tibbiyot xodimlarini himoyalash borasida qonunchilikni kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini kengaytirish, aholida tibbiy xizmatdan foydalanish va shifokorlarga nisbatan muomala madaniyatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratishni davrning o‘zi talab qilmoqda.