Benzin, dizel yoqilg‘isi, siqilgan va suyultirilgan gazni yakuniy iste’molchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘ining amaldagi stavkalari saqlab qolindi
O‘zbekiston Respublikasining “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan soliq qonunchiligida bir qator yangiliklar joriy etildi.
Mazkur hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 9 dekabrda qabul qilingan “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, spirt, alkogol mahsulotlari, vino va pivo uchun aksiz solig‘i, benzin, dizel yoqilg‘isi, siqilgan va suyultirilgan gazni yakuniy iste’molchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘ining amaldagi stavkalari saqlab qolindi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali sotishda aksiz solig‘i 1 litrdan, boshqa hollarda esa 1 tonnadan kelib chiqib hisoblab chiqariladi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliqni ko‘paytirish (yetishtirish) uchun foydalaniladigan suv hajmlari bo‘yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020 yil uchun belgilangan stavkalardan 50 foizga pasaytirildi. Shuningdek, 2020 yil 1 apreldan 2020 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda umumiy ovqatlanish korxonalari alkogol mahsulotini chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘im to‘lashdan ozod qilindi.
Qayd etish lozimki, ushbu Qonun bilan Soliq kodeksiga ham o‘zgartish kiritildi. Chunonchi, kodeks “Alohida sharoitlarda soliq majburiyatlarini bajarish”, deb nomlangan 72-bob bilan to‘ldirildi. Mazkur bobdan 481-modda (“Alohida sharoitlarda qo‘shimcha vakolatlar berish”), 482-modda (“Soliqlarni, soliqlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha foizsiz to‘lashni kechiktirishning yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashni qo‘llashning va alohida sharoitlarda soliq majburiyatlarini bajarishning vaqtinchalik tartibi”) va 483-modda (“Vaqtinchalik soliq imtiyozlari”) o‘rin olgan.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.