Samarqand tibbiyot xodimlari uchun Koreyadan himoya vositalari keldi
O‘tgan yili Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshidagi birinchi va ikkinchi sonli klinikalar hamda Janubiy Koreyaning Kenbuk milliy universiteti Chilkok shifoxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
Yaqinda Koreyaning ushbu shifoxonasi raxbariyatidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari nomiga maktub keldi. Maktubda «Biz memorandum doirasida ikki tomonlama sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Avvalo, Samarqand tibbiyot markazi hamda Kenbuk milliy universiteti Chilkok shifoxonasi o‘rtasida tajriba almashuv va hamkorlik markazi tashkil etish taklifini ilgari suramiz. Ushbu markaz xalqaro hamkorlik, sohadagi tadqiqotlarda, tibbiy ta’lim hamda Samarqand ahliga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni o‘zida ifodalaydi. Markaz Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshidagi klinika binosida joylashib, ushbu muassasa viloyatdagi tibbiy faoliyat hamda Samarqand ahlining salomatligi uchun muhim o‘rin tutadi, deb o‘ylaymiz. Ushbu aloqalarning uzviyligini ta’minlash maqsadida viloyat tibbiyot xodimlari uchun koronavirusga qarshi kurashda zarur bo‘ladigan quyidagi tibbiy anjomlarni jo‘natmoqdamiz».
Maktub bilan birga unda aytilgan jihozlar ham viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yetib keldi. Unda tibbiyot xodimlari uchun himoya kiyimlari va anjomlari, zarur kislorod moslamalari bor.