Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining o‘rni qanday qoplanadi?

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasida qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash tartibiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi, viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi xodimlari qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasi o‘rnini qoplash tartibi xususida to‘xtalishdi.

Xo‘sh, ushbu jarayonda qanday summa qaytariladi va tartibi qanday?

Ta’kidlash lozimki, ortiqcha to‘langan soliq summasi, hisobga olingan summaning aylanmadan hisoblangan summadan oshgan qismi, 0 foizli stavka qo‘llash natijasida hosil bo‘lgan summa qaytariladi. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 274-moddasiga asosan soliq to‘lovchi o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan soliq summasini soliq organlariga soliq summasini qaytarish to‘g‘risida berilgan arizaga asosan qaytarish huquqiga ega. Agar kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra, soliq organi qaytarish uchun arizada ko‘rsatilgan soliq summasining o‘rnini to‘liq yoki qisman qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilsa, mazkur soliq summasi soliq to‘lovchiga soliq summasini qaytarish to‘g‘risida ariza berilgan sanadan e’tiboran oltmish kundan kechiktirmay qaytariladi. Soliqning o‘rnini tezlashtirilgan tartibda qoplashda soliq to‘lovchi tomonidan qaytarish uchun arizada ko‘rsatilgan soliq summasining o‘rni unga yetti kun ichida to‘liq hajmda qoplanadi.

– Ushbu seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlik sub’yektlari, jumladan, eksportchi korxonalarga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash bo‘yicha amaliy ko‘nikma berishdan iboratdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi xodimi O‘tkir Bo‘tayev. – Tadbirkorlar va korxonalar hisobchilari tomonidan takliflar berildi, tushunmovchilik holatlarni atroflicha muhokama qildik. Bundan tashqari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar yo‘l qo‘yayotgan xatolar yuzasidan tushunchalar ham berdik.

Seminarda tadbirkorlar va korxonalar hisobchilari QQS summasi o‘rnini qoplash bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.

 

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.