Bezorilik sodir etgan shaxslar endi sud oldida javob beradi
2020 yilning 17 fevralidan 18 fevraliga o‘tar kechasi, taxminan soat 01:00 da 32 yoshli A.S. jinoiy sherigi, 29 yoshli X.G‘. bilan Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan bilyard klubiga spirtli ichimlik ta’sirida mast holatda kelib, mazkur klub ish boshqaruvchisi, 55 yoshli D.I. ish vaqti yakunlanganini aytsa-da, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, uni axloqsiz so‘zlar bilan haqorat qilgan va sababsiz urib do‘pposlagan.
O‘sha vaqtda bilyard klubda bo‘lgan ishchilar va mijozlar A.S. va X.G‘.larning bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rishiga qaramasdan, ularga jiddiy qarshilik ko‘rsatib, bilyard toshlarini otib, o‘zlaridan uzoqlashtirib takroran D.I.ni badaniga stul bilan urgan, mushtlari bilan yuziga hamda badanining turli joylariga urib do‘pposlagan va D.I.ga sog‘lig‘ining qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohatlari yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, A.S. va X.G‘.larga Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi (jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bezorilik) bilan ayb e’lon qilinib, jinoyat ishi tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabarida.