Qanday jinoyatlarga mayda bezorilik deyiladi? Uning xususiyatlari nima?

Quyida mazkur savollar yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining raisi Orif Pardayev hamda mazkur sud sudyasi Zarifa Ahmedova atroflicha fikr yuritadi:

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda eng ko‘p qayd etilayotgan holatlardan biri jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik hisoblanadi.

Jamoat tartibiga qarshi huquqbuzarliklar deganda, jamiyatda yurish-turish qoidalari va jamoat osoyishtaligini ta’minlash hamda munosib xulq-atvorda bo‘lishga asoslangan jamoat tartibini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlarga tajovuz qiluvchi, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik kodeksida ko‘rsatilgan huquqqa xilof, aybli ijtimoiy xavfli qilmishlar tushuniladi.

Bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlikning belgilanganligi O‘zbekiston Respublikasining qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlari asosida o‘rnatilgan yoki axloq me’yorlari bilan tartibga solingan jamiyatdagi yurish-turish qoidalari va ularning buzilishiga qaratilgan munosabatlarni ma’muriy va jinoiy tajovuzlardan himoya qiladi.

Mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi kabi boshqa xatti-harakatlarda namoyon bo‘ladi. Bu huquqbuzarlik bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Mayda bezorilik - jamoat tartibiga qasd qilish demak. Jamoat tartibi – jamoat joylarida huquq normalarini saqlashga asoslangan munosabatlar bo‘lib, aybdorning xatti-harakati, jamiyatning, tevarak atrofdagi fuqarolarning manfaatlarini oshkora mensimaslikdan, madaniy saviyasining pastligidan, axloq-odobning mavjud qoidalarini nazar-pisand qilmaslikdan dalolat beradi.
Jamoat tartibi faqatgina huquqiy tomondan emas, balki boshqa ijtimoiy, ya’ni axloq urf-odat, jamoat tashkilotlarining me’yorlari bilan ham mustahkamlanadi. Bunda huquqiy jihat asosiy rol o‘ynaydi, chunki tartibni buzganlik uchun yuridik javobgarlikni, jazoning turi va darajasini shular belgilaydi.

Mayda bezorilik qasddan va ko‘pincha oshkora amalga oshirilishi bilan ham tavsiflanadi. Aybdor qonunga qarshi xatti-harakat qilayotganini tushunadi va shuning natijasida jamoat tartibi hamda fuqarolar osoyishtaligining buzilishiga yo‘l qo‘yadi. Mayda bezorilik gohida egri niyatni ko‘zlab amalga oshiriladi. Huquqbuzarlik sodir etish vaqti 16 yoshga to‘lgan shaxs mayda bezorilikning sub’yekti bo‘ladi.

Qonun hujjatlarida ma’muriy-jinoiy javobgarlik xususida so‘z borganda “jamoat joyi” atamasi juda ko‘p uchraydi. Ba’zi hollarda kishining o‘z xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortilish-tortilmasligini anglab yetishi mushkul bo‘ladi. Bizningcha, jamoat joyi deganda barcha fuqarolarning to‘siqsiz kirishlari, u yerda bo‘lishlari uchun ochiq bo‘lgan, yoxud fuqarolarning turli ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan joydagi hududlar, xonalar, inshootlar, ularning qismlari, shuningdek aholiga xizmat ko‘rsatuvchi transport kommunikatsiyalari tushuniladi.
Tahliliy natijalarga ko‘ra, birgina jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida 2021 yil davomida 1634 shaxsga nisbatan, 1035 ta ma’muriy ish (shundan, 1488 nafar erkak, 223 nafar ayol), shuningdek, 2022 yil 5 oyi davomida 1041 shaxsga nisbatan, 691 ta ma’muriy ish (shundan, 861 nafar erkak, 184 nafar ayol) ko‘rilgan.