Samarqandda keksa odamning yuziga tepgan yigit kim ekani aniqlandi

Avvalroq videoda yosh yigit ko‘chada ketayotgan yoshi katta odamning yuziga tepgani ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani aytilgandi.

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, ayni vaqtda o‘sha yigitning kimligi aniqlanib, IIBga olib kelingan.

“Samarqandda bir yigit ko‘chada ketayotgan kishini tepgan holati Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi.

Voqea 2022 yilning 24 yanvar kuni soat taxminan 19:00 larda Samarqand shahri Qo‘shchinor mahallasida sodir bo‘lgan. 2007 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan O‘.A. mahalladoshi, ko‘chada kelayotgan 1968 yilda tug‘ilgan fuqaro F.R.ning yuz qismiga tepib hodisa joyini tark etgan.

Holatni O‘.A.ning tanishi R.K. tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan.

Holat yuzasidan voyaga yetmagan O‘.A.ning ota-onasiga nisbatan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. Shuningdek, bo‘lib o‘tgan hodisa maktab rahbariyati ishtirokida ham muhokama etildi.
Qo‘shimcha sifatida aytish mumkinki, O‘.A sport bilan shug‘ullanib kelgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda aytilganidek, yigit TikTokchi yoki tarmoq faoli emas.

Hozirda Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Natijasi to‘g‘risida yana ma’lumot beriladi", deyiladi IIB xabarida.