Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nega huquqbuzarlik oshib boryapti?
Viloyat hokimligi yig‘ilishida ushbu masala ko‘rildi.
Viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan yig‘ilishda dastlab joriy yilning 22-23 sentyabr kunlari Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunning viloyatimizda ijro etilishi holatining o‘rganilish natijalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, o‘rganish davomida aksariyat joylarda nazoratsiz va qarovsiz qolgan hamda huquqbuzarlik yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan voyaga yetmagan shaxslar bilan yakka tartibda ishlash, shuningdek, ularning ota-onasiga (yoki o‘rnini bosuvchi shaxslarga) voyaga yetmagan shaxslarni tarbiyalashda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida jamoat tarbiyachilarini tayinlash ishlari yo‘lga qo‘yilmaganligi, ta’limni boshqarish organlari va ta’lim muassasalari tomonidan dars mashg‘ulotlariga sabablarsiz kelmayotgan yoxud muntazam ravishda qatnashmayotgan voyaga yetmaganlar monitoringi qilinmaganligi aniqlangan.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarning internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish ishlari talab darajasida tashkil etilmagani oqibatida o‘quvchi yoshlar o‘zlari sodir etgan axloqsizliklarni ijtimoiy tarmoqlarga joylash holatlari uchrayotganligi ko‘rsatib o‘tilgan. Buning oqibatida 2021 yil 8 oyida voyaga yetmaganlar tomonidan 1331 ta, 2022 yilda 3941 ta, joriy yilning 8 oyi davomida esa 3128 ta huquqbuzarliklar qayd etilgan. 2022 yil 8 oyida sodir etilgan jinoyatlarda jami 113 nafar voyaga yetmagan ishtirok etgan bo‘lsa, 2023 yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 139 nafarga yetib, 23 foizga ortgan.
- Joylarda olib borilayotgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan shu yilning o‘tgan 10 oyi davomida viloyat bo‘yicha 6372 ta jinoyat (ularning 33 foizi (2107) yoshlar, 2,5 foizi (161) voyaga yetmaganlar tomonidan) sodir etilgan, - deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Rahmat Mamatov. - Jinoyatlar orasida qotillik va og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlari ham bo‘lib, ularni yoshlar va voyaga yetmaganlar sodir etganligi barchamizni sergak torttirishi kerak.
Yig‘ilishda keyingi yillarda “mahalla beshligi” tizimi yaratilgani, lekin aksariyat mahallalardagi beshliklar yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmay, belgilab berilgan vazifalar ijrosiga panja orasidan qarab kelayotgani aytildi.
- 6 ta tumanda o‘tkazilgan o‘rganishlarimiz davomida jinoyat sodir etish ehtimoli bo‘lgan shaxslarga nisbatan berilgan xulosalar bo‘yicha mahalla beshligi tomonidan maqsadli profilaktik ishlar olib borish o‘rniga, xulosalar bo‘yicha ijtimoiy moslashtirish dasturlari tuzmasdan, muammolarini hal etmasdan, soxtakorlik holatlariga yo‘l qo‘yib kelinayotganligi aniqlandi, - dedi R.Mamatov. - Jumladan, Samarqand tumani Jo‘yi Abbos mahallasida 6 ta jinoyat sodir etilib, ushbu mahalla “qizil” toifaga kiritilgan. Mahalladagi hokim yordamchisi F.Ibragimovga fuqaro T.Nazarovning ishsizligi bo‘yicha 2023 yil 15 iyul kuni xulosa berilgan, biroq hokim yordamchisi ushbu shaxsning bandligini ta’minlash choralarini ko‘rmasdan, Urgut tuman “Muruvvat” uyining 13 yil oldingi, ya’ni 2010 yil 22 dekabr kunidagi 36-K-sonli buyrug‘i nusxasini ilova qilgan holda fuqaroning muammosi hal etilgan deb ko‘rsatgan.
Yoki Qo‘shrabot tumani Xonnazar mahallasi xotin-qizlar faoli S.Eshbekovaga 10 ta xulosa berilgan bo‘lsa-da, berilgan xulosalar bo‘yicha ijtimoiy moslashtirish dasturlari tuzilmagan, har oylik ma’lumotlar qilinmagan, alohida yig‘ma jild yuritilmagan, berilgan 7 ta xulosa, ya’ni 7 nafar fuqaroga nisbatan 2023 yil 16 oktyabr kuni biror-bir profilaktik tadbirlar amalga oshirmasdan qo‘shma xulosalar tuzilganligi aniqlandi. Profilaktika inspektori Hasan Ashirov ham ushbu kamchiliklarga loqaydlik bilan qaragan.
Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi voyaga yetmaganlar bilan ishlashda soxtakorlikka yo‘l qo‘yishning o‘zi jinoyat ekani, bu borada qat’iyat, sifat va e’tibor bilan ish olib borish shartligi, mahalla mas’ullari va profilaktika inspektorlari har bir oddiy holatga ham mas’uliyat bilan yondashgan holda yechim izlashi zarurligini ta’kidladi. Bu borada mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.