«Voyaga yetmagan qizaloqni tahqirlagan shaxslar nega jazoga tortilmayapti?» sarlavhali maqola yuzasidan izoh
Maqolada keltirilgan holat va vajlar Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi mas’ullari tomonidan tegishli tartibda o‘rganildi va quyidagilar ma’lum qilinadi.
Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan prokuratura organlari va viloyat IIBB nazoratida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hozircha ochiqlanishi mumkin bo‘lgan holatlarga ko‘ra, 2020 yil 16 sentyabr kuni O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi fuqaro B.A. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, 2006 yilda tug‘ilgan qizi D.O. 2020 yil 11 sentyabrdan buyon uydan noma’lum tomonga chiqib ketib bedarak yo‘qolganligini ma’lum qilib, topilishida ko‘mak so‘raydi. O‘rta Chirchiq tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv harakatlari natijasida D.O. 2020 yil 26 sentyabr kuni Nurafshon shahrida ekanligi aniqlanadi va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, uyiga qaytariladi.
Holat yuzasidan voyaga yetmagan D.O. bilan o‘tkazilgan suhbat va o‘z ko‘rsatmasida, haqiqatdan ham 2020 yil 11 sentyabr kuni o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan fuqaro A.X. bilan birgalikda chiqib ketganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, gumon qilinuvchi 1991 yilda tug‘ilgan A.X. o‘z ko‘rsatmasida fuqaro D.O. unga o‘zini 2000 yilda tug‘ilganligini aytib tanishtirganini va ijarada yashash uchun uy topib berishini so‘raganini, shu sababli unga Nurafshon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birini ijaraga olishga yordamlashganini, lekin ijara uyda D.O. ning bir o‘zi yashaganligini ma’lum qilgan.
Surishtiruv davomida voyaga yetmagan D.O. uyidan chiqib ketgan vaqtda otasi B.A. turmush o‘rtog‘i D.A. bilan (2017 yildan 2020 yil 16 sentyabrgacha) Rossiya Federatsiyasida bo‘lganliklari aniqlangan.
Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida voyaga yetmagan D.O.ga nisbatan tayinlangan sudga oid psixiatriya va psixologiya kompleks ekspertizasi xulosasi olinmaganligi sababli 2020 yil 30 oktyabrda jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki surishtiruv harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 364-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan harakatdan to‘xtatilgan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi qayta tiklangan va tergov jarayonida barcha holatlar ochiqlanmoqda. Jarayonda ishini har tomonlama to‘la va xolisona olib borilishini ta’minlash, ayblanuvchi, fuqaroviy da’vogar va jabrlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim bo‘lganlar hamda holatga guvoh bo‘lgan shaxslarni tergovga jalb qilish zarurati yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan qonun ustuvorligi to‘liq ta’minlanadi.
***
Shuningdek, mazkur holat Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqildi va bu holatning har tomonlama xolisona olib borilishi hamda yakunlari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi nazoratga olindi.