Voyaga yetmaganlar ishtirokida sodir etilayotgan og‘ir jinoyatlar sababi otalar ishtirokida muhokama etildi

Samarqand shahridagi maktablarning birida o‘qiydigan, voyaga yetmagan o‘quvchi qiz uyali telefon apparati ustida kelib chiqqan janjal oqibatida 75 yoshli kampirni o‘ldirib qo‘ygan. Yana ikki holatda voyaga yetmagan qizlarda homiladorlik aniqlangan.

Yangi yilning ilk oyi birinchi haftasidayoq bunday noxush holatlarning sodir bo‘lgani viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilarini sergak torttirdi va 8 yanvar kuni viloyatimizning barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Otalar kuni” tadbirlari o‘tkazildi.

«Voyaga yetmaganlarning ta’lim-tarbiya olishlarida otaning o‘rni» mavzusidagi bu tadbirlarda yuqorida ta’kidlangan ko‘ngilsiz voqealarning bosh sababi, uyali aloqa vositalaridan noto‘g‘ri foydalanish ekanligi ta’kidlandi.

Mobil telefonlar allaqachon hozirgi zamonning ajralmas qismiga aylanib bo‘ldi. Ular yordamida yaqin insonlarimiz bilan doimiy muloqotda bo‘lamiz. Ayniqsa, telefonlarning keyingi yillardagi pandemiya sharoitida o‘quvchi-talabalarning onlayn ta’lim olishlarida asqotganini inkor etolmaymiz.

Ammo uning bir qancha zararli tomonlari ham bor. Jumladan, undan chiqayotgan ko‘rinmas nur inson, ayniqsa, bola salomatligi, asab tizimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning ustiga, bolalarning turli keraksiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish imkoni kengayib ketdi. Oqibatda bolaning darslardan chalg‘ishi, darsda musiqa eshitib o‘tirishi kabi bir qancha zararli omillar paydo bo‘ldi.

Shuning uchun dars vaqtida telefondan foydalanish umuman mumkin emas. Bolangizning maktabga keldi-ketdisini bilib turish, nazorat qilib borishingiz kerak bo‘lsa, unga oddiy aloqa vositasi olib bering. Toki, u tarbiyasi buzilishiga sabab bo‘ladigan internet sahifalariga kirolmasin.

“Maktabga qimmatbaho telefon bilan keladigan, sinfdoshlar orasida tabaqalanishni yuzaga keltirayotgan o‘quvchini, uning ota-onasini jazolang”, dedi otalardan biri.

O‘qituvchilar o‘quvchilarning uyali aloqa vositasidan foydalanishi kattagina muammolarni yuzaga keltirayotganiga to‘xtaldi. Ular 45 daqiqalik darsning asosiy qismini mashg‘ulotlarga emas, mobil aloqa domiga tushib qolgan o‘quvchilarning e’tiborini jamlash va auditoriyani tinchlantirish bilan o‘tkazishga majbur. Tanaffusda bolalar bir joyda to‘planib, telefonidagi rasmlar, videotasvirlar, qo‘shiqlarni “muhokama” qiladi. Jazo tariqasida bir necha bor uyali aloqaga mukkasidan ketganlarning telefoni olib qo‘yilgan, mahalla raisi, profilaktika inspektori holatdan xabardor qilingan bo‘lsa-da, keyingi darsda yana shu ahvol takrorlanavergan. Afsuski, tadbirga bu o‘quvchilarning otalari kelmagan...

Qariyb 1,5 ming o‘quvchi tahsil olayotgan maktabga yig‘ilgan 100 chog‘li otalar, o‘qituvchi-pedagoglar bolaning tarbiyasi, ta’lim olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni muhokama qilishdi. Ta’lim sifatini oshirish, bu borada ota-onalar va o‘qituvchilar hamkorligini mustahkamlash yuzasidan takliflar eshitildi. Maktabda har oyda bir marotaba “Otalar kuni” tadbirini o‘tkazishga kelishib olindi.

Ota – oila boshlig‘i, xonadon ustuni. Uning har bir xatti-harakati bolalarning diqqat-markazida bo‘ladi. Istaysizmi-yo‘qmi, farzandlar otaga, uning yurish-turishi, odob-axloqiga taqlid qiladi.

Shunday ekan, otalarning o‘rni nafaqat oilada, balki ko‘cha-ko‘yda, ta’lim muassasasida sog‘lom munosabatning shakllanishi uchun farzandlarini yaxshi tarbiyalashida, ularning orzularini amalga oshirishida ham namoyon bo‘ladi.

A.Sherxolov.