Otalar maktabni topib borishdimi?

Odatda otalarning maktabda o‘tkaziladigan ota-onalar majlisiga bormasligi doimiy ravishda kulgi ostiga olinadi. Ota-onalar yig‘ilishiga chiqib ketib, farzandi o‘qiydigan maktabni topa olmasligidan tortib, boshqa sinf yig‘ilishiga kirib ketishi holatlari garchi mubolag‘ali kulgi bo‘lsa-da, uning ostida haqiqat ham bor.

Ta’lim sohasi mutasaddilari bu holatni ijobiy tomonga o‘zgartirish harakatini boshlab yuborishdi. Xususan, bugun, 8 yanvar kuni viloyatda barcha umumta’lim maktablarida "Otalar kuni" tadbiri bo‘lib o‘tdi. Xo‘sh, ushbu yig‘ilish maktablarda qay tartibda o‘tkazildi, otalar maktabni topib borishdimi?

- Otalar yig‘ilishi, avvalambor, nafaqat ona, otaning ham farzand ta’lim-tarbiyasidagi rolini yanada oshirish, maktab hayotiga bevosita ularni jalb qilish maqsadida o‘tkazilmoqda, - deydi Samarqand shahridagi 8-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi rahbari Nigora Suyarova. – To‘g‘ri, tan olamiz, yig‘ilish o‘tkazilishdan avval o‘quvchilarimiz istiqomat qiladigan mahalla oqsoqollari bilan hamkorlikda otalarni maktabga chorlash bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib bordik. Yig‘ilishda yuqori sinf o‘quvchilarining 250 nafar otalari ishtirok etdi. Otalarning oiladagi o‘rni haqidagi va’zxonlikdan qochib, farzandlarimizning bugungi holati, kechinmalari yuzasidan aniq fikrlarni keltirdik. Maktabimizda psixolog mutaxassislar faoliyat ko‘rsatadi. Ular doimiy ravishda o‘quvchilarning o‘qishga qiziqishi, ruhiy holati yuzasidan test olishadi. Ushbu test natijalari aytildi. Maktab o‘quvchilari orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj yoki ota-onasi xorijda bo‘lgan o‘quvchilar ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularni doim kuzatib borishga harakat qilamiz. Sababi, ota-onasi xorijda, qarindoshlari qo‘lida qolgan bolalarning fe’lida doimiy ravishda o‘zgarishlar bo‘lib turadi. Shuningdek, otalarga maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan qo‘shimcha imkoniyatlar, to‘garaklar, ularning vaqtlari bo‘yicha ham aniq ma’lumotlar berildi.

Ushbu ta’lim muassasasida o‘tgan yig‘ilishda, shuningdek, Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari - mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Ahmadjon Mamatov, Samarqand shahar Kengashi deputati Muhiba Bobobekova va boshqalar ham qatnashib, bugun jamiyatda farzandga oiladagi e’tiborsizlik nechog‘lik qimmatga tushayotgani borasidagi aniq misol va fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.