Bilim olish azobi — vaqtincha, bilimsizlik azobi — umrbod

Nima uchun bilimsizlar jinoyatchilardan ham ko‘ra xavfli hisoblanadi? Oxirgi 25 — 30 yilda nechta kutubxona bunyod etildi? O‘z familiyasini xato bilan yozadigan qatlam ham paydo bo‘lgani rostmi? Vatandoshimiz Azizjon Yo‘ldoshevga xorijdagi universitetlar 30 000 dollargacha stipendiya taklif qilgandi. Nima uchun?
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori, Jahon fiziologlar jamiyati (Stokgolm) akademigi, Rim universiteti (Italiya) faxriy professori, akademik Bakriddin ZARIPOVning inson kamoloti va mamlakat taraqqiyotida bilim, ilm-fan, kitobxonlikning ahamiyati haqdagi quyidagi maqolasida yuqoridagi savollarga, umuman, kitob, bilim nima uchun kerak ekaniga batafsil javob olasiz. Domlaning maqolada keltirgan birgina misoli ham fikrimizcha, mavzu bo‘yicha keng xulosa chiqarishga asos bo‘ladi: “Umuman kitob o‘qimaydigan insonlarning 43 foizi qashshoqlikda yashaydi. Savodli insonlar orasida esa qashshoqlikda yashaydiganlar 4 foizni tashkil etadi”.
“Bilimsizlik insoniyat uchun eng qorong‘i tundir”. Ushbu hikmat muallifi buyuk Sharq faylasufi Konfutsiy bu borada ming karra haq. Negaki, ilm insoniyatni yuksaklikka ko‘tarsa, bilimsizlik uni faqat tubanlik, jarlik sari yetaklaydi. Bunga insoniyat tamaddunida misollar juda ko‘p. Shuning uchun ertasining farovon bo‘lishini o‘ylagan jamiyat ilm sari intiladi, yosh avlodga bilim o‘rgatish, ziyo tarqatish payidan bo‘ladi. Buning sinalgan va samarali usuli mutolaadir.
Shu ma’noda, kitob insoniyat tomonidan yaratilgan eng buyuk mo‘’jizaga mengzaladi. Zotan, kitob — qalb gavhari, tafakkur xazinasidir. Inson kamoloti, dunyoqarashi kengayishida uning tutgan o‘rnini boshqa hech narsa bosolmaydi. Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni kuchaytirishga bo‘lgan e’tibor har doimgidan-da yuqori ekanligining tag zaminida esa kelajagimiz egalarining ilmli, ma’rifatli va zukko bo‘lib ulg‘ayishidek ezgu maqsad-muddaolar mujassamdir. Davlatimiz rahbari kuyinib aytganidek, “Ilm va izlanish bo‘lmagan joyda hech qanday rivojlanish, yuksalish va umuman, biror-bir sohaning kelajagi bo‘lmaydi”.
Darhaqiqat, kitob eng yaqin do‘st, dono maslahatchi, sadoqatli hamroh va bebaho boylik hisoblanadi. Millatning ma’naviy-ruhiy dunyosini kitobga munosabati, kitobxonlik darajasiga qarab ham aniqlash mumkin. Shuning uchun jahonning qaysi davlatiga bormay, kitob do‘konlarini aylanaman, kutubxonalarini ko‘rishga oshiqaman. Ayniqsa, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi eng qadimiy va dunyoga mashhur oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan Harvard universiteti kutubxonasi menda bitmas-tuganmas taassurot qoldirgan. Har doim bu xotiralarni o‘zgacha hayajon va entikish bilan eslayman.
Bilim olish azobi — vaqtincha, bilimsizlik azobi — umrbod
...Bundan 4 yil burun meni Harvard universitetiga fiziologiya sohasi bo‘yicha ilmiy ma’ruza o‘qishga chaqirishdi. Ma’ruzadan keyin mezbon, ya’ni universitetning bizga biriktirilgan professori oliy o‘quv yurti faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatimiz borligini aytib, ushbu qadimiy ta’lim maskanining qaysi bo‘limlarini ko‘rish istagimiz bilan qiziqdi. Shunda men hamrohlarim fikri bilan hisoblashib o‘tirmasdan “Kutubxonaga boramiz!” debman. Bu sheriklarimga ham ma’qul tushib, taklifimni qo‘llab-quvvatlashdi. Ammo mezbonning “Universitetning qaysi kutubxonasiga?” degan savoli bizni gangitib qo‘ydi.
Ochig‘i, Harvard universitetining tibbiyot, tabiatshunoslik, adabiyot, huquqshunoslik, geologiya, tarix, informatika va boshqa sohalarga ixtisoslashtirilgan 80 ta kutubxonasi borligini bilmas ekanmiz. Shunda ham sir boy bermay, markaziy kutubxonasini ko‘rmoqchi ekanligimizni bildirdik.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Harvard universiteti Massachusets shtatining Kembrij shahrida joylashgan bo‘lib, u dastlab 1636 yilda kollej sifatida tashkil etilgan. XIX asrning birinchi choragida esa universitetga aylantiriladi. Mazkur oliy o‘quv yurtining nufuzini, uning AQSh ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida tutgan o‘rnini tasavvur qilish uchun ayrim raqamlarni keltirish, kifoya.
E’tibor qiling, Harvard universiteti bitiruvchilaridan 79 nafari Nobel mukofoti sohibi bo‘lgan. Bugungi kunda ularning 14 nafari shu universitet talabalariga dars beradi. Dunyodagi milliarder boylarning yarmi uning sobiq talabalari hisoblanadi. AQShning 45 Prezidentidan 12 nafari shu oliy o‘quv yurtini tamomlagan...
Universitet kutubxonasi o‘z eshiklarini 1638 yili ochgan bo‘lib, fondida 8 millionga yaqin asarlar saqlanadi. Ular orasida ingliz vaziri, san’at bakalavri J. Harvard qoldirgan kitoblar eng noyob adabiyotlar sirasiga kiradi. J. Harvard o‘z mulkining yarmi va kutubxonasini uning nomi berilgan mazkur universitetga vasiyat qilib qoldirgan ekan.
Kutubxonaga yaqinlashar ekanmiz, uning peshtoqidagi yozuv e’tiborimizni tortdi. Unda AQSh faylasufi Jim Ronnga tegishli quyidagi so‘zlar bitilgan: “Tushlik vaqtini o‘tkazib yuborish mumkindir, ammo umrning eng mazmunli qismini kitob o‘qimasdan o‘tkazib yuborish aslo mumkin emas”.
Ko‘zimizga tushgan yana bir chaqiriqda shunday deyilgan: “Bilim olish azobi — vaqtincha, bilimsizlik azobi — umrbod!”
Ichkariga kirganimiz sari hayratimiz yanada ortadi. Ziyo maskanining mahobati, ulug‘vor qiyofasi odamni lol qoldiradi. Kitobxonlarga yaratilgan shart-sharoitlarga esa ta’rif yo‘q. Ming o‘rinli ulkan o‘quv zali. Tushlik vaqti bo‘lib qolganiga qaramay, birorta ham bo‘sh joy yo‘q. Bu manzarani ko‘rib, beixtiyor ko‘zlarimga yosh keldi...
Bizga tushuntirishlaricha, ushbu kutubxona universitetda tahsil olayotgan 20 mingga yaqin talabalar, 14 ming nafardan ortiq aspirantlarning eng sevimli maskani, bilimlar manbai hisoblanadi. Shuning uchun u tanaffussiz, bir kunda 24 soat faoliyat ko‘rsatadi. Ilmga oshufta yoshlarning tamaddi qilishlari uchun qahva va yengil yeguliklar shu yerning o‘zida tekin tarqatiladi. Ammo kutubxonada bo‘lgan chog‘imizda biror yigit-qizning qahva ichib, tamaddi qilib o‘tirganiga ko‘zimiz tushmadi. Hamma muk tushgancha kitob o‘qiyapti, kerakli joylarini ko‘chirib olmoqda. Qizig‘i, har bir stol ustida turgan kompyuterlarga hech kim burilib ham qaragani yo‘q.
Hayratimni yashira olmay so‘rayman:
— Nega talabalar oldida turgan kompyuterdan foydalanishmaydi?
— Kitobxonda gadjetlardan xohlagan joyda, istagan paytda foydalanish imkoniyati bor. Biroq kutubxonadagi kitoblarni faqat shu yerda o‘qish mumkin. Bu imkoniyatni, qulay vaqtni boy berib bo‘ladimi?! Kompyuterlar orqali talabalar o‘zlariga kerak bo‘lgan adabiyot qayerda turganini aniqlashda foydalanishadi xolos.
Bu yerda e’tiborimizni tortgan yana bir jihat yoshlarning kitobxonlik madaniyati bo‘ldi. Chunki bizning kutubxonalardagi kabi xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ko‘p emas. Ular ko‘zga ham tashlanmaydi. Tashrif buyuruvchilar zarur adabiyotlarni o‘zlari olib, foydalanib bo‘lishgach, yana joyiga qo‘yib ketisharkan.
Kutubxonaga sarflangan 1 dollar 10 dollar bo‘lib qaytadi
Hozirgi texnologiyalar asrida turli gadjet, internet hayotimizning barcha jabhasiga chuqurroq kirib kelib, kutubxonalar inqirozga yuz tutyapti, degan iddaolar tez-tez qulog‘imizga chalinmoqda.
To‘g‘ri, kitobxonlik bir oz susayganini inkor qilolmaymiz. Ammo odamlar o‘qishdan to‘xtgani yo‘q, kutubxonalar eshigi ham hozircha taqa-taq yopilmadi. Aksincha, ayni zamonda kutubxonalar asta-sekin gavjumlashib, eng muhim ijtimoiy institut sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bunga AQSh tajribasi yaqqol misol bo‘la oladi.
Chindan ham, Qo‘shma Shtatlarda kutubxonalarga borish aholi orasida keng tarqalgan madaniy faoliyat turiga aylangan. 2019 yilda 18 yoshdan kattalar hordiq chiqarishning boshqa turlariga nisbatan o‘rtacha 10,5 marta ko‘proq kutubxonalarga tashrif buyurishibdi. Ahamiyat beryapsizmi? Tasavvurimizdagi yoshlarning sevimli maskani sanalgan diskoteka, ko‘ngilochar kafe va barlar, tungi klublar emas, kutubxonalar yoshlarni o‘ziga ko‘proq jalb etmoqda.
To‘liqroq tasavvur hosil qilishingiz uchun yana bir dalil keltiramiz. 2014 yilda diqqatga sazovor joylarga boy bo‘lgan Nyu-Yorkda jamoat kutubxonalariga tashrif buyuruvchilar soniga barcha professional sport arenalari, badiiy san’at markazlari, muzeylar, parklar va hayvonot bog‘lariga keluvchilarni qo‘shib hisoblaganda ham yetmagan. 37 million va 30 million kishi. Oradagi farq 7 million! Ishonish qiyin-a?
Kutubxonalarning jamiyat va mamlakat taraqqiyotidagi beqiyos roli ko‘plab davlatlarda tan olingan. Shuning uchun yangi ziyo maskanlarini tashkil etish, mavjudlari faoliyatini takomillashtirish tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, jamoat kutubxonasiga sarflangan bir dollar 10 dollargacha daromad keltirishi o‘z isbotini topgan. Masalan, San-Fransisko jamoat kutubxonalari tizimiga tikilgan har bir dollardan 5 dollardan 9 dollargacha daromad ko‘rilayotgan ekan. Ehtimol, ushbu sarmoyaviy omil Qo‘shma Shtatlarda jamoat kutubxonalari soni “McDonald’s” restoranlari va “Starbucks” qahvaxonalari sonidan ortib ketishiga sabab bo‘lgandir.
O‘zbekistonda-chi? Kutubxonalar soni qancha? Oxirgi 25 — 30 yilda nechta kutubxona bunyod etildi?
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda kutubxonalar soni mehmonxonalarga qaraganda to‘rt marta kam ekan. Ko‘pchilik nazdida zamonaviy mehmonxonalar, antiqa bino va inshootlar sayyohlarni ko‘proq jalb qilarmish... Aslida bunday emas. Sayyohlar asl O‘zbekiston, uning tarixi, madaniyati, odamlarning o‘zbekona hayoti, turmush tarzini ko‘rish uchun keladi. Gapning dangalini aytganda, kutubxonalar boshqa sayyohlik yo‘nalishlaridan ham ko‘proq sayohatchilarni jalb qilishga qodir.
Masalaga ana shu jihatdan yondashilganda, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Milliy kutubxona huzurida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi muhim hujjatning qabul qilinishi, aytish joizki, kutubxonalar faoliyati rivojidagi muhim qadam bo‘ldi. Zotan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi qadimiy ziyo o‘chog‘i bo‘lib, 1870 yilda tashkil etilgan. Uning mamlakat miqyosidagi tarmoqlari ko‘payishi aholi, ayniqsa, yoshlarimiz orasida kitob mutolaasi ommalashishi, kitobxonlik darajasi yanada ortishiga mustahkam zamin yaratadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy bog‘i yaqinida Prezident kutubxonasi bunyod etilishi rejalashtirilgani ham xalqimiz uchun quvonchli yangilikdir. Adiblar xiyoboni va bog‘dagi boshqa ma’naviy-ma’rifiy ob’yektlar bilan yaxlit majmuaga aylanishi kutilayotgan ushbu ziyo maskani 4 qavatli bo‘lishi, bir vaqtda 1 ming 400 dan ziyod o‘quvchilarga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. Kutubxonada 1 million 500 mingta kitob saqlanishi bilan birga elektron adabiyotlar, multimedia mahsulotlari ham bo‘ladi.
Mamlakatimizda ilm-fan va kitobxonlikni yuksaltirish, kitoblar nashr etish hamda tarqatish tizimini qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan hujjatlar o‘z mevalarini bera boshladi. Yosh ijodkorlarning ilk kitoblari Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi fond tomonidan bepul nashr etilmoqda. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila” respublika tanlovlari g‘oliblariga yengil avtomobillar sovg‘a qilinmoqda. Bu boradagi ishlar yurtdoshlarimiz orasida katta aks sado berib, jamoatchilikda mutolaa madaniyati yuksalishiga, bilimga, ilmga intiluvchi yoshlar safi tobora kengayishiga hissa qo‘shmoqda.
Aslida, bilimli inson ilmning zahmatini, olimning qadrini yaxshi biladi. Agar davlat rahbarining keyingi yillarda ma’rifat, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida imzolagan qonun, Farmon va qarorlari, ilgari surayotgan ezgu tashabbuslarining mag‘zini to‘la chaqsak, yangi O‘zbekistonda uchinchi Renessansga, ma’rifat Renessansiga mustahkam tamal toshi qo‘yilayotganini anglaysiz.
Kitobxonlik bolalikdan shakllanadi
Atrof-muhitdagi voqea-hodisalar, jumladan, kitob mazmuni va barcha bilimlar inson miyasi orqali qabul qilinadi. Miya 35 yoshgacha o‘sadi. Inson tashqi muhit axborotining 70 — 80 foizini 5 yoshgacha olib bo‘ladi, tafakkur va ong ham ayni shu paytda shakllanadi. Demak, 3-4 yoshga kelib inson miyasi fiziologik jihatdan o‘qishga, harflarni jamlashga tayyor bo‘ladi. Miyaning mana shu fiziologik xususiyati hisobga olingan holda, dunyoning aksariyat mamlakatlarida bolalar 5-6 yoshdan, ba’zilarida esa 7 yoshdan 1-sinfga qabul qilinadi.
Organizmda nerv hujayralarining to‘rtdan uch qismi miyada joylashgan. Bu taxminan 28 milliard asab hujayrasiga to‘g‘ri keladi. Shunisi qiziqki, bosh miya yarim sharlaridagi nerv hujayralarining bor yo‘g‘i 2,5-3 foizigina aqliy faoliyat davrida ishlab turadi. Mana, sizga zaxiradagi imkoniyat!
Bosh miyaga qancha yuklama berilsa, albatta, me’yori bilan, uning qabul qilish qobiliyati shuncha oshib boradi. Miya xuddiki kuchli kompyuterga o‘xshaydi. U har xil signallarni qabul qiladi — tovush, hid, shakllar, voqea-hodisalarni aniqlaydi va turkumlarga ajratib, eslab qoladi. Miyaning eslab qolish qobiliyati har qanday kompyuter xotirasidan kuchli.
Bir misol. London universitetining matematika kafedrasi talabasi 28 soniyada 13 raqamli sonni 13 raqamli songa ko‘paytirib, aniq javob aytgan. Bunday misollar juda ko‘p. Zero, dono xalqimiz aytganidek, “Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir”.
Inson miyasining cheksiz imkoniyatlarini ishga solish uchun esa, avvalo, kitob o‘qish kerak. Endi anglayotgandirsiz, yurtimizda kitobxonlikni targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar zamirida qanday ulkan maqsad-muddaolar yotganligini?!
Xo‘sh, bu borada qanday yo‘l tutgan ma’qul, dersiz. Yana Amerikadan misol keltiraman. AQShdagi boshlang‘ich maktablarda o‘quvchilar har haftada maktab kutubxonasiga borishi shart. Bolalar o‘zi xohlagan, ba’zida o‘qituvchilarining tavsiyasiga ko‘ra, bittadan uchtagacha kitob olish huquqiga ega. Faqat kitoblarni o‘qib, ikki haftadan so‘ng topshirishi kerak. Adabiyotlarni qaytarish muddati yaqinlashgach, o‘quvchilar ota-onalarining elektron pochtasiga bu haqda eslatma yuboriladi.
Farzandu nabiralarimni bolalik chog‘idan kitob mutolaasiga rag‘batlantirish barobarida, qaysi kitobni qachon o‘qish kerakligi, badiiy adabiyotlar tanlash borasida ham ko‘maklashaman. Buning samarasini har bir dilbandim misolida sezganman. Masalan, ayni paytda ota-onasi bilan xorijda yashab, chet el maktabida tahsil olayotgan nabiramga Marsel Brionning “Menkim, fotih Temur” asarini sovg‘a qildim. Ushbu kitobni o‘qib chiqqan nabiramning nafaqat dunyoqarashi, balki yurish-turishi, hatto xarakterida ham o‘zgarish sezildi.
Darhaqiqat, kitob — buyuk ustoz! Zero, birgina kitob inson hayotini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ya’ni baxt millionlab kitoblar ichida ruhingizga mos kitobni topa olishda. Shuning uchun bolalarning ayni ulg‘ayish paytida mutolaaga jalb qiling. Bu uning shaxs sifatida shakllanishida, hayotda o‘z yo‘lini topib, kasb-kor tanlashida katta ta’sir kuchiga ega bo‘ladi.
Diplom uchun emas, saboq uchun kurashish kerak
“O‘qishdan to‘xtagan odam fikrlashdan ham to‘xtaydi”, degan edi donishmandlardan biri. Bugun ushbu hikmatning nechog‘li hayotiy haqiqat ekanligini atrofimizda ro‘y berayotgan voqealar misolida ham ko‘rib turibmiz. Biroq keyingi paytda yoshlarning kitob o‘qish va unga munosabati bir qadar pasayganidan ko‘z yumolmaymiz. Ularda kitobdan ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarga, oldi-qochdi saytlarga muhabbat nisbatan kuchli.
To‘g‘ri, hozirgi zamonamizda istalgan yangiligu axborotni internet orqali olish mumkin. Bir qarashda kitob o‘qish uchun vaqt sarflashga hojat yo‘qdek. Aslida, hech bir axborot vositasi, hatto kino yoki boshqa ko‘ngilochar tomoshalar ham badiiy asar o‘rnini bosolmaydi. Masalan, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani asosida ishlangan film qanchalik muvaffaqiyatli, aktyorlar ijro mahorati kuchli bo‘lmasin, baribir kitobga yetmaydi. Uning ta’sir kuchi, jozibasi boshqacha.
Kitob o‘quvchiga ma’naviy ozuqa beribgina qolmay, ma’rifat ulashadi, madaniyatni shakllantiradi, nutqni ravonlashtiradi, so‘z boyligini oshiradi, tafakkurini kengaytiradi. Eng yaqin va ishonchli do‘st bo‘la oladi. Hayotning og‘ir lahzalarida unga suyanishingiz mumkin. U sizni hech qachon sotmaydi. Kitob qalbni yoritadi, insonning qaddini rostlaydi, mustahkamlaydi, undagi ezgu niyatlarni jonlantiradi, aqlni o‘tkir, yurakni yengil qiladi.
Shu ma’noda, bugun yaxshi diplom uchun emas, yaxshi bilim olish, kitob o‘qish uchun kurashadigan vaqt keldi. Maktab, litsey, oliy o‘quv yurti uchun emas, o‘zing uchun, hayot uchun o‘qish, bilim olish kerak. Zero, bilim olish baxtsizlikdan, xurofotdan, birov yetaklagan tomonga og‘ib ketishdan saqlanishning yagona yo‘lidir. Ma’rifatli va ma’rifatsiz insonlar o‘rtasidagi farq xuddi tiriklar va o‘liklar o‘rtasidagi farq kabidir, deydilar allomalarimiz.
Kitobning inson tafakkuri qanotlariga o‘xshatilishi ham bejiz emas. Tafakkuri, fikr doirasi keng, ma’rifatli kishilar jamiyatning chinakam boyligidir. Aksincha, hayotda ro‘y berib turadigan ayrim noxushliklar ildizi esa ma’rifatsizlik, kitob o‘qimaslikning achchiq mevasi sanaladi. Temirni zang kemirganidek, odamni ma’naviyatsizlik va bilimsizlik sindiradi. Ma’naviyat esa insonga kitob o‘qish orqali yuqadi.
Har qanday davlatning kelajagi ma’rifatli, aqlli yoshlardir. Bu — isbot talab qilmaydigan haqiqat. Shu bois bilim egallash, mutolaa qilish barchamizning doimiy vazifamizga aylanishi kerak. Ayniqsa, mamlakatimiz shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi kunda, shunchaki diplom olish maqsadida emas, yaxshi bilim uchun kurashadigan vaqt keldi.
Insho yozishni tiklash lozim
Kitobxonlikni, kitob o‘qishni rivojlantirishning eng muhim tadbirlaridan biri, bu — insho yozish. Demak, barcha oliy o‘quv yurtlarida kirish imtihonida insho yozish tiklansa, ayni muddao bo‘lardi. Chunki abituriyent kitobxon, savodxon bo‘lsagina o‘z fikrini qog‘ozga ravon va xatosiz tushira oladi. Tan olmay iloj yo‘q, insho yozish bekor qilingandan keyin, boshqa tomonlarini qo‘yavering, o‘z familiyasini xato bilan yozadigan qatlam ham paydo bo‘lgani achinarlidir. Axir yaqin o‘tmishimizda biz maktab bitiruv imtihonlarida, oliy va o‘rta ta’lim o‘quv yurtlariga kirishda qanday mavzuda insho yozganimiz bilan faxrlanib yurar edik-ku?!
Shu o‘rinda Janubiy Afrika Respublikasidagi bir universitet kiraverishida bitilgan mana bu so‘zlarni keltirsak. “Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga ta’sir qiladigan raketalarga hojat yo‘q. Faqat ta’lim sifati pasaytirilsa va imtihonlarda talabalarga aldash uchun imkoniyat yaratilsa bas. Bunday vrachlar qo‘liga tushgan bemorlar o‘la boshlaydi. Bunday iqtisodchilar va hisobchilar qo‘lidagi pullar izsiz yo‘qoladi. Bunday diniy ulamolar tufayli insonlar ma’nan o‘la boshlaydi. Bunday yuristlar va sudyalar qo‘lida adolat yo‘qlik sari yuz tutadi... Qonun chiqaruvchilar qo‘lida boshqaruv yo‘q bo‘ladi. Ta’limning barbod bo‘lishi — millatning kasodga uchrashidir”.
AQShda ham maktab bitiruvchilari, albatta, bitiruv ijodiy inshosini yozishadi. Har bir shtatda insho yozib, sovrinli o‘rinlarni olgan bitiruvchilarga mukofotlar beriladi, rag‘batlantiriladi. Masalan, 2017 yili Pensilvaniya shtatining Pittsburg shahridagi “Shady Side Academy” maktabini a’lo baholarga bitirgan vatandoshimiz Azizjon Yo‘ldoshevning ijodiy inshosi mamlakatda sovrinli o‘rin olgani uchun “Martin Lyuter King” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Aynan shu mukofoti tufayli Azizjon Amerikaning 23 ta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirib, barchasiga grant asosida va yillik stipendiya bilan qabul qilindi.
Universitetlar Azizjonga yillik stipendiyani 10 mingdan 30 ming dollargacha taklif qilishdi. U Vashingtondagi “American University” universitetining biznes fakultetini tanladi. Bu universitet jamoasi Azizjonni suhbatdan o‘tkazib, talabalar orasida “lider” (sardor) unvonini berishdi. O‘tgan yili Azizjon universitetni a’lo baholarga tamomlab, AQShning eng yirik kompaniyalaridan biriga ishga qabul qilindi. Mana, inshoning, zamonaviy bilimlarning kuchi!
Ta’lim-tarbiyaga bo‘lgan mana shunday ijodiy yondashuv tufayli bugun AQSh dunyoning eng savodli odamlar mamlakatiga aylandi. Ma’lumotlarda keltirilishicha, aholisining 99 foizi savodli bo‘lib, kamida o‘qish va yozishni biladi. 85 foizi o‘rta ma’lumotga ega bo‘lsa, 28 foizi oliy ma’lumotlidir.
Bunday natijaning siri nima dersiz? Buning asosiy omili shundaki, AQSh ta’limida yolg‘on yo‘q, talabalar esa bilimsizlikdan uyalishadi, ta’lim va tarbiyada motivatsiya nihoyatda kuchli. Birgina misol, Harvard universitetining shiori lotinchada “Veritas”, ya’ni “haqiqat” degan ma’noni anglatadi.
Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, badiiy asar o‘qigan odam hayotda ham boshqalarning his-tuyg‘ularini yaxshi tushunar ekan. Emori universiteti olimlari kitob o‘qigan insonning aqliy salohiyati bir necha oy davomida yuqori holatda bo‘lishini isbotlashdi. Tadqiqot mualliflari kitob o‘qish miyadagi asab tolalari sonini oshirishini ta’kidlamoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, umuman kitob o‘qimaydigan insonlarning 43 foizi qashshoqlikda yashaydi. Savodli insonlar orasida esa qashshoqlikda yashaydiganlar 4 foizni tashkil etadi. O‘rganishlar yana shuni tasdiqlayaptiki, kitob o‘qishni xush ko‘radigan bolalar maktabda ham a’lochi bo‘ladi. Ular grammatikani ham, matematikani ham yaxshi o‘zlashtiradi.
Eng yomoni, bilimsizlik jinoyatdan ham xavfli illat sanaladi. Italiyalik mashhur iqtisodchi-tarixchi Karlo Chippolo shunday yozadi: “Bilimsizlar jinoyatchilardan ko‘ra xavflidir. Jinoyatchilarda maqsad bo‘ladi, tentaklarda esa yo‘q. Shuning uchun ularning harakatlarini oldindan bilish imkonsizdir. Ular sizga hech qanday sababsiz, muddaosiz, rejasiz zarar yetkazadi. Eng kutilmagan joyda, eng noqulay paytda paydo bo‘ladi”.
Xo‘sh, bunday illatga qarshi qanday kurash olib borish mumkin? Aniq va sinalgan yo‘llari bormi?
Albatta, bor. Buning sinalgan yo‘li kitobxonlikdir. Shu bois yurtimizda, ta’bir joiz bo‘lsa, aql “mash’ala”lari yoqilmoqda. Chunki jamiyatda insonning butun umr ilm olishi uchun barcha sharoitni yaratib berish, ma’rifatli davlat siyosatini yuritish, bola ongu shuuriga go‘dakligidanoq ziyo olib kirish yordamida aql “mash’ala”larini yoqish orqali yuksak marralarga erishish mumkin. Bu juda mashaqqatli, ammo sharafli yo‘l, uzoq vaqt sarflanadigan vazifa, og‘ir mehnat, taraqqiyot sharti, zamon talabidir.
Kuzatayotgan bo‘lsangiz, O‘zbekistonda keyingi yillarda ilm-fan, ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ana shu qat’iyat, intilish o‘z ifodasini topib boryapti. Bu uchinchi Renessans quyoshi uyg‘onayotganidan dalolatdir.
Xotima o‘rnida bir hadisi sharifni keltirishni joiz topdik. Unda shunday deyiladi: “Ilm o‘rganinglar: ilm zulmatda quyosh, vahshatda hamroh, yolg‘izlikda yo‘ldosh, begona yurtda sirdosh, og‘ir damda rahbar, dushmanga qarshi quroldir”.
Bakriddin ZARIPOV, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori, Jahon fiziologlar jamiyati (Stokgolm) akademigi, Rim universiteti (Italiya) faxriy professori, akademik.