Bilimli yoshlar – Yangi O‘zbekistonning asosiy tayanchi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi muharriri savollariga javoblari nafaqat o‘zbekistonliklarni, balki xorijlik mutaxassis va ekspertlarni ham qiziqtirgani ular bildirgan ijobiy fikrlarida namoyon bo‘ldi.

Intervyuning mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan zarur sharoitlar, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish jarayonida yoshlarning o‘rni va asosiy vazifalari haqidagi qismiga alohida e’tibor qaratsak.

Prezidentimiz muharrirning bu mazmundagi savoliga javob berar ekanlar, yoshlarning hayoti, rivojlanishi, jamiyatdagi o‘rni, mamlakat tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga to‘xtalib o‘tganlar.

Jumladan, yoshlarning ta’lim olishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha fikr bildirib, mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan, raqobatdosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 141 taga yetkazilgani, 26 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasining filiallari ochilganini alohida ta’kidladilar.

O‘z navbatida keyingi besh yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirildi va birgina joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi. 2030 yilga qadar maktab, litsey va kollej  bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 50 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Bu nimani anglatadi? Bu mamlakatimizda yildan-yilga oliy ma’lumotli kadrlarning oshib borishini, yoshlarda mutaxassislik egallash imkoniyati kengayganligini, pirovard natijada esa, malakali mutaxassislar mehnati samarasi o‘laroq Yangi O‘zbekistonni qurish va rivojlantirish jadallashishini anglatadi.

“Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan g‘oya asosida maktab ta’limi tizimida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida va hududlarimizda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni ko‘payib bormoqda.

Maktabgacha ta’limga berilayotgan alohida e’tibor, ta’limni tubdan isloh qilish va rivojlantirish yo‘lidagi yirik va eng to‘g‘ri qadam desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki ta’limni alohida bir bo‘g‘inda rivojlantirib bo‘lmaydi, balki ta’limning barcha bosqichlari birlashgan holda bir butun ta’lim tizimini tashkil etadi. Ta’limning har bir bosqichi sifati o‘zidan keyingi yoki oldingi bosqichi sifatiga ta’sir ko‘rsatadi. Maktabgacha ta’lim muassasasida yaxshi tarbiya olgan bola maktabda fanlarni yaxshi o‘zlashtiradi, keyinchalik oliy o‘quv yurtida sifatli ta’lim olib, mutaxassis kadr bo‘lib yetishadi.

Navro‘zjon MAHKAMOV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi o‘qituvchisi.