Bir-birimizni qo‘llaydigan payt

Qariyb qirq kundan buyon karantin sharoitida yashayapmiz. Sodda qilib aytsak, koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan chilla ham yakuniga yetmoqda. Lekin ayni paytdagi vaziyat va aholi salomatligini muhofaza qilish hisobga olingan holda karantin tadbirlari 10 mayga qadar uzaytirildi.

Odamlardan uyda qolish, vazifalarni masofadan turib bajarish so‘ralmoqda. Ta’lim-tarbiya jarayonlari shu tizimga o‘tdi. Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatishda yangicha ish uslublari shakllandi.

Umuman, ko‘p soha va tarmoqlar karantin sharoitida ishlashga moslashdi.

Ammo ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq shunday tarmoqlar borki, ular ishini masofadan turib yoki onlayn bajarish imkonsiz. Yana bir tomoni, ishlab chiqarish jarayoni uzluksiz davom etishi kerak. Biror bir mexanizm, uskuna ma’lum muddat ishlamay tursa, uni yana ishga solib, sifatli mahsulot tayyorlash uchun vaqt kerak. Bu ishlab chiqarish zanjiriga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Deylik, mahsulotning kichik bir butlovchi qismini tayyorlaydigan korxona faoliyati to‘xtatilsa, bu o‘sha mahsulotni to‘laqonli ishlab chiqaradigan korxona ishi ham to‘xtab qolishiga sabab bo‘ladi.

Qolaversa, bugun yurtimizdagi ko‘plab sanoat korxonalari mahalliylashtirish dasturi asosida bir-biri bilan uzviy bog‘langan. Birining ishni to‘xtatishi yoki to‘la quvvat bilan ishlamasligi boshqalariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa iqtisodiyotga, soliq tushumlari, aholi bandligiga, pirovardida odamlar turmush tarziga salbiy ta’sir etmay qolmaydi. Shu bois ayni paytda sanoat korxonalari sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilgan holda soat mexanizmidek aniq va tizimli ishlashi kerak.

O‘zimizda tayyorlanadigan xom ashyo yoki butlovchi buyumlar korxonalarga uzluksiz yetkazib berilishi lozim. Import qilinadigan mahsulot va butlovchi buyumlar masalasida ham yurtimizdagi ishlab chiqaruvchilarning o‘zaro hamkorlikda ishlashi taqozo etiladi. Chunki, xorijdan keltiriladigan xom ashyo yoki butlovchi buyum bir korxona uchun tanqis bo‘lib turgan bugungi sharoitda boshqa bir korxonada yetarlicha zaxira qilingan bo‘lishi mumkin. Ular shu masalada bir-biriga yordam bersa, bu butun mamlakat iqtisodiyoti uchun foydali bo‘ladi. Buni tegishli vazirlik va idoralar, hokimliklar muvofiqlashtirib borishi zarur.

Davlatimiz rahbari 20 aprel kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Koronavirus aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan hududlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatiladigan bo‘ldi.

Aslida, bugun butun dunyo shunday yo‘l tutmoqda. Koronavirus pandemiyasi sharoitida davlat iqtisodiyoti izdan chiqmasligi, tanazzulga uchramasligi kerak. Bu mamlakatda ko‘plab ijtimoiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘ktam SAIDMURODOV,

xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.